
Ispaniya terma jamoasi sobiq sardori, jahon chempioni Serxio Ramos Five Eleven Capital investitsiya xoldingi bilan birgalikda «Sevilya» futbol klubini sotib olish bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishdi. Bu haqda Cadena SER radiosi xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, bitim qiymati 450 million yevroni tashkil etadi. Hozirda tomonlar klubning moliyaviy hujjatlarini tahlil qilish jarayonini boshlamoqda.
39 yoshli Ramos «Sevilya» tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U klub safida 2004–2005 va 2023–2024 yillarda to‘p surgan. Himoyachi «Real Madrid» bilan besh marta Ispaniya chempioni, to‘rt marta Chempionlar Ligasi g‘olibi bo‘lgan. Shuningdek, PSJ bilan Fransiya chempionligini ikki bor qo‘lga kiritgan.
Ispaniya terma jamoasi bilan Ramos 2010-yilgi jahon chempionati va 2008 hamda 2012-yillardagi Yevropa chempionatlarida g‘olib bo‘lgan.
Joriy mavsumda «Sevilya» La Liga turnir jadvalida 21 o‘yindan so‘ng 24 ochko bilan 11-o‘rinda bormoqda.
Keywords