
Yosh avlodning sog‘lom kamol topishi va onalikni muhofaza qilish masalalari mamlakatimiz davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Hozirgi vaqtda yurtimiz tibbiyot markazlarida ushbu yo‘nalishda jahon standartlariga mos zamonaviy xizmatlar ko‘rsatilmoqda.
Lebap viloyatida bu borada olib borilayotgan ishlar zamonaviylashtirilgan tibbiyot markazlari misolida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ayniqsa, Gurbanguli Berdimuhamedov nomidagi Homuylikka muhtoj bolalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha xayriya jamg‘armasining faoliyati xalqimizning olijanob an’analari tantanasiga aylandi.
Viloyatimizning ona va bola salomatligini muhofaza qilishga ixtisoslashgan markazida mazkur jamg‘arma mablag‘lari hisobidan keng ko‘lamli xayriya ishlari amalga oshirilmoqda. Hozirgi kunga qadar markazimizda 70 ta murakkab tibbiy muolaja va operatsiyalar muvaffaqiyatli yakunlandi.
Ayniqsa, suyak-bo‘g‘im tizimidagi va boshqa og‘ir kasalliklarni davolashda erishilgan natijalar bolalarning to‘liq sog‘ayib, o‘z tengdoshlari bilan shodiyor hayotga qaytishlariga imkon berdi. Sog‘lig‘i tiklangan har bir bolaning yuzidagi tabassum davlatimiz insonparvarlik tamoyillarining eng oliy mukofotidir.
Turkmanistonda qabul qilingan Bolaning erta rivojlanishi bo‘yicha Milliy dastur doirasida Lebapda ham samarali qadamlar tashlanmoqda. BMTning Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) bilan yaqin hamkorlikda faoliyat yuritayotgan «Bolaning erta rivojlanishi va erta aralashuv xonasi» yosh avlodga nafaqat tibbiy, balki psixologik va pedagogik jihatdan ham kompleks yordam ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, viloyat markazimiz perinatal yordam ko‘rsatishda eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan shifoxonalardan biri bo‘lib, bu yerda vaqtidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlarni parvarish qilish va ularning hayotini saqlab qolish bo‘yicha yuqori sifatli xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan.
«Ona va bolaga mehrli munosabatdagi shifoxona» xalqaro maqomini ketma-ket uch marta qo‘lga kiritgan markazimiz shifokorlari o‘z malakalarini muntazam oshirib bormoqdalar. Poytaxtimizda o‘tkazilayotgan xalqaro o‘quv seminarlarida o‘zlashtirilayotgan yangi usullar viloyatimiz sog‘liqni saqlash amaliyotiga tatbiq etilmoqda.
Keywords