
Fasllar almashinuvi paytida mavsumiy yuqumli kasalliklar kelib chiqish xavfi ortadi. Bunday kunlarda turli antibiotik vositalarini qabul qilib, o‘zboshimchalik bilan davolanishga kirishish holatlari ko‘p uchraydi. Ammo bu mutlaqo noto‘g‘ri bo‘lib, sog‘lig‘imizga zarar yetkazishi mumkin. Biz bu borada Turkmanobod shahridagi 1-sonli salomatlik uyi shifokori Muhabbat Orunbayeva bilan suhbatlashishni lozim topdik.
— Antibiotiklar nima va ularni qachon qo‘llash kerak? — Antibiotiklar kasalliklarni davolashda qo‘llanilib, bakteriya va mikroblarning ko‘payishini to‘xtatadigan dori vositalaridir. Antibiotiklar, asosan, mavsumiy yuqumli kasalliklar, sil, salmonellyoz va boshqa kasalliklarni davolashda keng qo‘llaniladi. Ularni qo‘llash tartibini esa shifokorlar belgilaydilar.
— Demak, antibiotiklarni o‘zboshimchalik bilan ichish mumkin emas-da?! — Ko‘p odamlar ozgina isitmasi chiqsa yoki tomog‘i og‘risa, darrov antibiotik vositalarini qabul qiladilar. Bu noto‘g‘ri. Chunki dori vositalarini o‘zboshimchalik bilan qo‘llash kuchli allergiya yoki oshqozon-ichak kasalliklariga olib kelishi mumkin. Shuningdek, antibiotiklar ichaklarning me’yoriy ishlashining buzilishiga sabab bo‘ladi. Ya’ni oshqozon-ichak yo‘lidagi foydali bakteriyalarning 30 foizini yo‘q qilishi mumkin. Bundan tashqari, antibiotiklar zamburug‘li infeksiyalarning paydo bo‘lishiga ham sabab bo‘ladi. Zamburug‘lar esa, o‘z navbatida, oshqozon-ichak yo‘llarining shilliq pardasiga, shuningdek, teri va siydik chiqarish tizimlariga zarar yetkazadi. Shuning uchun har qanday dori vositalari kabi, antibiotiklarni ham shifokor nazoratida qo‘llash lozim.
— Antibiotiklarning davolovchi xususiyatlari haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz. — Antibiotiklar faol moddalari bakteriyalarni to‘liq yo‘q qiladi va ularning o‘sishi hamda tarqalishini to‘xtatadi. Bunda inson organizmidagi kasallik keltirib chiqaruvchi mikroflora yo‘qotiladi. Yuqumli kasalliklarda viruslarga qarshi dorilar samaraliroqdir. Xalq tabobatida antibiotiklar o‘rniga piyoz, sarimsoq, qizil qalampir kabi sabzavotlar qo‘llanilgan. Bu mahsulotlar hozirgi vaqtgacha o‘z ahamiyatini yo‘qotmay kelmoqda.
— «O‘zimni yaxshi his qilyapman» deb, dorilarni qabul qilish to‘xtatilgan holatlar ham ko‘p uchraydi. Bu to‘g‘rimi? — Mana shunday holatlarda, ayniqsa antibiotiklar qo‘llanilganda, juda ehtiyot bo‘lish kerak. Shifokor buyurgan davolanishni to‘g‘ri qo‘llab, oxirigacha yetkazish lozim. Davolanish to‘liq yakunlanmagan taqdirda, organizmdagi kuchsiz bakteriyalar yo‘qolib, eng kuchlilari qoladi va ular qaytadan ko‘paya boshlaydi. Shu sababli yana bir bor eslatib o‘tamiz, antibiotiklar faqat shifokor maslahati bilan aniq qo‘llanilishi shart.
— Fasllar almashinuvida qanday qoidalarga amal qilish muhim? — Turkmaniston Prezidentining «Saglyk» Davlat dasturidan kelib chiqib, milliy emlash jadvaliga muvofiq yurtimizda mavsumiy kasalliklarga qarshi emlash ishlari keng yo‘lga qo‘yilgan. Har bir kishi o‘z oilaviy shifokori bilan maslahatlashib, emlanishi mumkin. Qish va bahor fasli oralig‘ida organizmning kasallikka chidamliligini oshirish uchun Qahramon Arkadagimizning «Turkmanistonning shifobaxsh o‘simliklari» nomli ilmiy-ensiklopedik kitobidagi shifobaxsh o‘simliklardan tayyorlangan choylarni oilaviy shifokorlar bilan maslahatlashib ichish lozim. Sog‘lom turmush tarziga amal qilib, vitaminlarga boy mahsulotlarni iste’mol qilish kerak.
— Bergan qimmatli maslahatlaringiz uchun katta rahmat!
Keywords