Turkmaniston — Afg‘oniston — Pokiston — Hindiston (TOPH) transmilliy gaz quvurining “Arkadag‘ning yorug‘ yo‘li bilan” deb nomlangan Serhetabat — Hirot qismida qurilish ishlari yakuniy bosqichda olib borilmoqda. “TAPI Pipeline Company Limited” kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, gaz quvuri yo‘nalishi allaqachon Hirot shahrigacha yetib borgan. Bu haqda “Ussatnews” xabar bermoqda.
2026-yil oxirigacha qurilish-montaj ishlari doirasida qolgan quvurlarni yotqizish va ko‘mish, gaz quvuri yo‘lagi hududini obodonlashtirish hamda gazni o‘lchash stansiyasini qurish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Afg‘oniston tomoni bilan loyiha bo‘yicha huquqiy va tijorat hujjatlari to‘plamini tayyorlash ishlari yakunlanadi. Gaz quvuri orqali tabiiy gaz yetkazib berishni 2027-yilda boshlash ko‘zda tutilgan.
Turkmanistonning Serhetabat shahridan Afg‘onistonning Hirot viloyatigacha cho‘zilgan, umumiy uzunligi 153 kilometr bo‘lgan ushbu qism qurilishiga 2024-yil 11-sentabrda start berilgan.
Loyihani amalga oshirishda qariyb 850 nafar turkmanistonlik mutaxassis va 280 dan ortiq maxsus texnika jalb etilgan. Hozirgi vaqtga qadar gaz quvuri yo‘nalishi bo‘ylab 150,7 kilometrlik hudud tayyorlangan, 139 kilometrlik quvurlar payvandlanib, yagona tizimga birlashtirilgan. Bu ko‘rsatkich qurilayotgan tegishli qism umumiy uzunligining qariyb 90 foizini tashkil etadi. Tayyorlangan qismlarda bosqichma-bosqich gidrostatik sinovlar o‘tkazilmoqda.
TOPH loyihasi nafaqat yiliga 33 milliard kub metrgacha tabiiy gaz tashishga mo‘ljallangan xalqaro energetika magistrali, balki mintaqaning sanoat rivojiga turtki beradigan muhim infratuzilma loyihasi sifatida ham katta ahamiyatga ega.
Hirot shahrida loyiha bilan bog‘liq dastlabki infratuzilma ehtiyojlari ham belgilab olindi. Ular qatoriga mahalliy sanoat zonasini tabiiy gaz bilan ta’minlash, sanoat parkigacha gaz quvurini tortish, gaz taqsimlash stansiyalarini qurish va siqilgan tabiiy gaz ishlab chiqarish majmuasini tashkil etish kiradi.
Serhetabat — Hirot qismining foydalanishga topshirilishi TOPH loyihasining keyingi bosqichlarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu loyiha turkman tabiiy gazini Janubiy Osiyo energetika bozorlariga yetkazib berish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.