Turkiyaning Sivas viloyatidagi Kayalıpınar tumani yaqinida olib borilgan arxeologik qazishmalar davomida qadimgi Xett davlati tarixiga oid muhim topilmalar aniqlandi. Tadqiqotlar jarayonida xett va xurrit tillarida bitilgan 131 ta mixxat yozuvi hamda ularning parchalari topildi. Bu haqda Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi ma’lum qildi.

O‘tgan yili aniqlangan topilmalar bilan birgalikda arxivda saqlanayotgan sopol hujjatlarning umumiy soni 184 taga yetdi. Ushbu to‘plam XXI asrda topilgan xett yozma yodgorliklarining eng yirik majmuasi sifatida tarixga kirdi.

Miloddan avvalgi XV asrning o‘rtalariga, ya’ni podshoh Tudxaliya II hukmronligi davriga mansub ushbu hujjatlarda qadimgi davlatning boshqaruv tizimi, harbiy voqealari va diniy urf-odatlari haqida qimmatli ma’lumotlar jamlangan.

Topilgan yozuvlar orasida o‘sha davrda aholi orasida tarqalgan, ayniqsa bolalar salomatligiga ta’sir ko‘rsatgan epidemiya haqidagi ma’lumotlar ham bor. Shuningdek, hujjatlarda Xett davlati harbiy qo‘mondonlarining Anatoliyaning g‘arbiy qismida yuzaga kelgan tahdidning oldini olish uchun podshohdan zudlik bilan qo‘shin, otlar va jang aravalarini yuborishni so‘rab yozgan rasmiy murojaati ham saqlanib qolgan.

Ushbu topilmalar qadimgi Xett davlatining siyosiy, ijtimoiy va harbiy hayotini o‘rganishda muhim tarixiy manba bo‘lib xizmat qiladi.