Turkmaniston tarixiy-madaniy merosining qimmatli namunalaridan biri bo‘lgan «Yekegovak» tarixiy yodgorligi Mari viloyatida, Murg‘ob daryosi sohilida joylashgan. U o‘rta asrlarda mohir ustalar tomonidan tog‘ning qumtosh qatlamlarini o‘yib yaratilgan ko‘p qavatli g‘orlar majmuasining bir qismidir.
Gahryman Arkadag o‘zining «Turkmaniston — Buyuk Ipak yo‘lining yuragi» nomli kitobining ikkinchi jildida ushbu noyob yodgorlik haqida batafsil ma’lumot beradi. Kitobda qayd etilishicha, Murg‘ob daryosining chap qirg‘og‘i bo‘ylab shimolga qarab harakatlangan karvonlar Dashko‘pri va Tagtabazar atroflarida joylashgan g‘orlar majmuasi yonidan o‘tganlar. Ushbu g‘orlar daryoning o‘ng qirg‘og‘idagi tik tepalikning qalin qumtosh qatlamlarini o‘yish orqali bunyod etilgan.
Mazkur majmuaning o‘ziga xos namunalaridan biri bo‘lgan «Yekegovak»ning uzunligi 37 metrga yetadi. U to‘g‘ri yo‘nalishda cho‘zilgan yo‘lak shaklida bo‘lib, yuqori qismi gumbazsimon qilib o‘yilgan. Yo‘lakning ikki tomonida xonalar joylashgan. Ularning ayrimlarida dumaloq shakldagi chuqur quduqlar ham mavjud. G‘orlar majmuasining yuqori qavatiga chiqish uchun toshdan aylanma zinapoyalar qurilgan.
Olimlarning fikricha, qadimda ushbu hududda tog‘ ostidagi g‘orlarda turar joylar barpo etish usuli keng tarqalgan. O‘rta asrlarda yashagan arab geografi Qudama ham Murg‘ob hududidagi qishloqlardan biri haqida yozib, uning aholisi uylari tog‘ ichidagi g‘orlarda joylashganini qayd etgan.
Bugungi kunda «Yekegovak» tarixiy yodgorligi mamlakatning o‘tmish tarixi, qadimiy me’morchilik san’ati va ajdodlarimiz mahoratiga qiziqadigan sayyohlarning e’tiborini tortadigan maskanlardan biridir.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.