12-avgust kuni Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga (IHTT) a'zo mamlakatlarning Savdo-sanoat palatalari rahbarlari ishtirokida xalqaro videokonferensiya tashkil etildi.

Turkmaniston Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, onlayn uchrashuv davomida tashkilotga a'zo davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik istiqbollari, savdo integratsiyasi va mintaqalararo bog‘liqlik masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuvda mintaqalararo bog‘liqlikni ta'minlashda Turkmanistonning tranzit-logistika imkoniyatlari taqdim etildi. Tashkilotga a'zo davlatlar bilan tovar ayirboshlash hajmini oshirish va eksport imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha fikr almashildi.

Shuningdek, turkman tomoni mintaqadagi investitsiya imkoniyatlarini oshirish uchun a'zo mamlakatlar tadbirkorlari ishtirokida muntazam ravishda qo‘shma ko‘rgazmalar va biznes-forumlarni tashkil etish masalasiga alohida e'tibor qaratdi. Shu munosabat bilan Turkmaniston kelgusida ham IHTT davlatlari bilan iqtisodiy hamkorlikni barqaror va uzoq muddatli asosda rivojlantirishga to‘liq tayyorligi bildirildi.