Turkmanistonda 2027-yil uchun Davlat budjeti, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari hamda Investitsiya dasturi loyihalari tayyorlandi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari H. Geldimiradov raqamli aloqa orqali o‘tkazilgan Hukumat majlisida hisobot berdi.

«Watan» axborot dasturida xabar berilishicha, hisobot davomida iqtisodiyotning turli tarmoqlari, viloyatlar, Ashxobod va Arkadag shaharlarini rivojlantirishga yo‘naltiriladigan moliyaviy mablag‘lar hajmi, shuningdek, Davlat budjetining daromad qismi haqida ma’lumot berildi.

Majlis davomida 2027-yil uchun Davlat budjeti loyihasi davlat rahbarining ko‘rib chiqishiga taqdim etildi.

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov kelgusi yil uchun Davlat budjeti, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari va Investitsiya dasturi loyihalari tayyorlanganini ta’kidladi. Shuningdek, Davlat budjeti loyihasida iqtisodiyotning turli tarmoqlariga kapital qo‘yilmalarni yo‘naltirish uchun zarur moliyaviy mablag‘lar nazarda tutilganini qayd etdi.

Davlat rahbari 2027-yil uchun Davlat budjeti loyihasini Turkmaniston Mejlisiga ko‘rib chiqish uchun yuborish to‘g‘risidagi tegishli xatni imzoladi hamda Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosariga ushbu yo‘nalishda zarur ishlarni amalga oshirishni topshirdi.