
Yaponiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari sun’iy intellekt (SI) sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda. Yaqinda tashkil etilgan tashrif dasturi ikki tomonlama hamkorlikning yangi yo‘nalishini amalga oshirishda muhim qadam bo‘ldi. Bu haqda “nCa” portali xabar berdi.
Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi Qozog‘iston, Qirg‘iziston Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondan sun’iy intellekt siyosati bo‘yicha mas’ul rasmiy vakillarni qabul qildi. “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti doirasida o‘tkazilgan ekspertlar uchrashuvi 2026-yil 23 — 27-fevral kunlari bo‘lib o‘tdi.
Ushbu dastur 2025-yil dekabr oyida Tokioda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti (CA+JAD) birinchi sammitida e’lon qilingan “Yaponiya va Markaziy Osiyo o‘rtasida sun’iy intellekt bo‘yicha hamkorlik” tashabbusining bevosita davomidir.
Bir haftalik tashrif davomida Markaziy Osiyodan kelgan vakillar keng ko‘lamli fikr almashdilar va Yaponiyaning texnologik infratuzilmasining asosiy markazlariga tashrif buyurdilar. Ular Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar va kommunikatsiyalar vazirligi hamda Iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligi vakillari bilan uchrashdilar. Tomonlar SI rivojlantirish bo‘yicha milliy strategiyalar va mintaqaviy yondashuvlar haqida fikr almashdilar.
Tashrif davomida dunyodagi yetakchi ilmiy-tadqiqot markazlarida bo‘lindi. Ushbu markazlarda ishtirokchilar kvant texnologiyalari, ma’lumotlarni boshqarish tamoyillari, mutaxassislar tayyorlash strategiyalari va xalqaro xavfsizlik standartlari kabi ilg‘or ishlanmalar bilan tanishdilar. O‘z navbatida, Markaziy Osiyo vakillari o‘z mamlakatlarida sun’iy intellektning hozirgi rivojlanish holati haqida ma’lumot berdilar.
Tadbirning asosiy voqealaridan biri Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tashkil etilgan forum bo‘ldi. Bu yerda yapon SI startaplari o‘z loyihalarini taqdim etdilar. Shuningdek, Yaponiya texnologik yechimlarini Markaziy Osiyo mintaqasida qo‘llash imkoniyatlari muhokama qilindi.
Keywords