Turkmanistonlik mutaxassislar xorijiy hamkasblari bilan hamkorlikda Qoraqum cho‘li qumidan kremniy olishning yangi texnologiyasini ishlab chiqdilar. Bu haqda Turkmaniston Savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi bo‘limi boshlig‘i Batyr Berdyýew «Нейтральный Туркменистан» gazetasida chop etilgan maqolada ma’lum qildi.

Batyr Berdyýewning ta’kidlashicha, ishlab chiqilgan texnologiya jahon bozorida katta talabga ega bo‘lgan istiqbolli yo‘nalishlardan biridir. Uning asosiy afzalliklari kremniyning yuqori chiqishini ta’minlashi, energiya sarfini tejash imkoniyati hamda mamlakatda ushbu ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun yetarli xomashyo bazasining mavjudligidan iborat.

Vazirlik vakilining qayd etishicha, Turkmaniston kimyo sanoati uchun zarur bo‘lgan mineral xomashyo zaxiralari bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Mamlakatda oltingugurt, fosforitlar, osh tuzi, kaliy, gips, stronsiy olish uchun xomashyo hisoblangan selestin, polimetallar, ohaktosh va natriy sulfati kabi tabiiy boyliklar mavjud.

Ushbu mineral resurslardan nafaqat kimyo sanoatida, balki qurilish materiallari ishlab chiqarishda ham keng foydalaniladi. Mamlakatdagi mavjud xomashyo imkoniyatlariga tayangan holda qurilish sanoatining turli ishlab chiqarish yo‘nalishlari ham izchil rivojlantirilmoqda.

Qoraqum cho‘li qumidan kremniy olish bo‘yicha ishlab chiqilgan texnologiya Turkmanistonning tabiiy boyliklaridan yanada samarali foydalanish va sanoat ishlab chiqarishida yangi imkoniyatlarni yaratish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.