Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga (MDH) a’zo davlatlar Parlamentlararo Assambleyasi Kengashi Valentina Matviyenkoni yangi muddatga Kengash raisi etib qayta sayladi. Tegishli qaror 2026-yil 19-noyabr kuni «Avaza» milliy sayyohlik zonasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda qabul qilindi. Bu haqda MDH Ijroiya qo‘mitasining rasmiy sayti xabar bermoqda.

Valentina Matviyenko nomzodini O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva ilgari surdi. U Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi raisining Assambleya nufuzini oshirish, samarali muloqotni rivojlantirish, parlamentlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va teng huquqli hamkorlik tamoyillarini mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasini ta’kidladi.

Tanzila Narbayevaning qayd etishicha, Valentina Matviyenkoning davlat boshqaruvi sohasidagi boy tajribasi va kasbiy mahorati tufayli MDH Parlamentlararo Assambleyasi ko‘p tomonlama parlament hamkorligining muhim maydoni sifatidagi o‘z mavqeini mustahkamlab bormoqda. Uning rahbarligida namunaviy qonun ijodkorligi faoliyati rivojlantirilmoqda, parlamentlararo hamkorlik mexanizmlari takomillashtirilmoqda, ijtimoiy, iqtisodiy va gumanitar sohalardagi aloqalar kengaytirilmoqda.

O‘zbekiston Senati raisi Assambleya faoliyatida hamkorlik an’analarini davom ettirish bilan bir qatorda, unga yangi amaliy mazmun ham berilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, u Matviyenko MDH mamlakatlari parlamentlarining tashabbuslari va qarashlariga e’tibor bilan yondashishini, o‘zaro maqbul yechimlarni izlashga tayyorligini qayd etdi.

Qozog‘iston Qurultoyi raisi Aýbek Dadabay ham Valentina Matviyenkoning faol ishtiroki tufayli Hamdo‘stlik mamlakatlari o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlik ko‘lami va mazmuni yanada boyiganini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Assambleya doirasidagi namunaviy qonun ijodkorligi faoliyati samarali tus olgan, MDH davlatlari parlamentlari vakillari ishtirokida qo‘shma tadbirlar o‘tkazish tajribasi esa kengaygan.

Ozarbayjon Milliy Majlisi raisi Sahiba Gafarova Valentina Matviyenko rahbarligida Assambleya kelgusida ham ochiq muloqot va mintaqaviy masalalarni muhokama qilish uchun nufuzli maydon bo‘lib qolishiga ishonch bildirdi.

Valentina Matviyenko Kengash a’zolariga unga yana bir bor ishonch bildirganlari uchun minnatdorlik bildirdi.