Turkiyalik arxeologlar qadimgi Troya shahri xarobalaridan qariyb 10 kilometr uzoqlikda joylashgan sirli qabriston tepaligini aniqladilar. Mutaxassislar bu joy Troya urushida Axilles va Odissey bilan birga jang qilgan mashhur qahramon Ayaks dafn etilgan maskan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqdalar. Bu haqda «People» nashri xabar berdi.

G‘ayrioddiy topilma Troya muzeyi arxeologi Fejri Polat rahbarligida o‘rganilmoqda. Avvalroq olimlar ushbu tepalikni taxminan besh ming yil oldin mavjud bo‘lgan manzilgoh qoldiqlari deb hisoblab kelganlar. Biroq so‘nggi qazishma ishlari uning qadimiy qabr ustiga qurilgan sun’iy inshoot bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi.

Tadqiqotlar davomida loy bilan mustahkamlangan tosh inshootlar, sopol buyumlarning parchalari, suyakdan yasalgan bigizlar hamda ip yigirishda foydalanilgan asboblar topildi. Yodgorlikning qadimgi yunon va rim mualliflari Ayaks dafn etilgan joy bilan bog‘lagan Rhoeteion shahri yaqinida joylashgani ham olimlarning e’tiborini tortdi.

Fejri Polatning ta’kidlashicha, aniqlangan qabrning joylashuvi afsonaviy qahramonning dafn etilgan maskani haqidagi qadimiy yozma manbalarda keltirilgan ma’lumotlarga mos keladi. Xususan, qabrning dengizga yaqin joylashgani ushbu taxminni yanada kuchaytiradi. Qadimiy manbalarda ham Ayaks dafn etilgan joy dengiz sohiliga yaqin bo‘lgani haqida ma’lumotlar uchraydi.

Shunga qaramay, arxeologlar hozircha topilgan qabr Ayaksga tegishli ekanini aniq tasdiqlay olmayaptilar. Qazishmalar davomida bu taxminni isbotlovchi yozuvlar topilmadi, bundan tashqari, qabrning markaziy qismi hali to‘liq o‘rganilmagan. Mutaxassislar kelgusidagi tadqiqotlar ushbu qadimiy tepalik ostida yunon mifologiyasining mashhur qahramonlaridan biri qabri haqiqatan ham mavjudligini aniqlashga yordam berishiga umid qilmoqdalar.