Yaponiya futbol assotsiatsiyasining sobiq prezidenti Kozo Tashima Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) rahbarligi uchun o‘tkaziladigan saylovlarda qatnashish maqsadida o‘z nomzodini rasman ilgari surdi.
«Reuters» axborot agentligining Yaponiyaning «Asahi» telekanaliga tayanib xabar berishicha, Kozo Tashimaning nomzodini beshta milliy futbol federatsiyasi qo‘llab-quvvatlagan.
FIFA prezidentligi uchun kurash olib boradigan yana bir nomzod — Fransiya futbol federatsiyasi prezidenti Filipp Diallo. U 16-noyabr kuni mazkur lavozimga o‘z nomzodini ilgari surgani ma’lum bo‘ldi. Hozirda FIFA prezidenti lavozimini shveysariyalik Janni Infantino egallab turibdi.
68 yoshli Kozo Tashima 2016–2018-yillarda Yaponiya futbol assotsiatsiyasiga rahbarlik qilgan. U 2015-yil aprel oyidan buyon FIFA a’zosi hisoblanadi.
Janni Infantino 2016-yil fevral oyida tashkilotning navbatdan tashqari kongressida FIFA prezidenti etib saylangan edi. Shundan so‘ng u ikki marta raqibsiz tarzda ushbu lavozimga qayta saylandi.
FIFA prezidentligiga navbatdagi saylovlar 2027-yil mart oyida Marokashda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.