Turkmanistonlik aralash yakkakurash (MMA) sportchisi Abbas Abasov AQShning Arizona shtati Feniks shahrida o‘tkazilgan «Legacy Fighting Alliance» (LFA) tashkilotining LFA 247 turnirida argentinalik Lukas Ganinni mag‘lub etdi. Ushbu g‘alabadan so‘ng u dunyodagi eng yirik MMA tashkiloti — UFCda ishtirok etish istagini ham ma’lum qildi.
Yarim yengil vazn toifasida (65,8 kilogrammgacha) o‘tkazilgan jang turnirning asosiy bellashuvlari qatoridan joy oldi va ikkinchi raundda yakunlandi. Abbas Abasov raqibiga bo‘g‘ish usulini qo‘llab, g‘alaba qozondi.
28 yoshli turkmanistonlik sportchi uchun bu professional faoliyatidagi yettinchi g‘alaba bo‘ldi. Uning hisobida bitta mag‘lubiyat ham bor. 30 yoshli argentinalik Lukas Ganninning natijalari esa to‘qqizta g‘alaba va to‘rtta mag‘lubiyatdan iborat.
Turkmaniston bayrog‘i ostida ishtirok etadigan Abbas Abasov AQShning Florida shtatida joylashgan «American Top Team» mashg‘ulot klubida tayyorgarlik ko‘radi.
G‘alabadan keyin bergan intervyusida sportchi asosiy maqsadlaridan biri UFCda ishtirok etish va ushbu tashkilotda qatnashgan ilk turkmanistonlik jangchi bo‘lish ekanini aytdi. Uning ta’kidlashicha, ketma-ket uchta jangda muddatidan oldin g‘alaba qozonganidan so‘ng, bu maqsadi haqida ochiq gapirish imkoniga ega bo‘lgan.
Agar Abbas Abasov UFCda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lmasa, LFA tashkilotining yarim yengil vazn toifasida chempionlik kamarini qo‘lga kiritish uchun kurashishni rejalashtirmoqda.
Sportchi joriy yilning iyun oyida ham UFCning Las-Vegasda o‘tkazilishi rejalashtirilgan turnirlaridan birida ilk bor ishtirok etish taklifini qabul qilmagan edi. O‘shanda u yuqori darajadagi musobaqalarga to‘liq tayyor holda chiqishni va avvalo o‘zini tanitishni istashini tushuntirgan.
Eslatib o‘tamiz, «Ultimate Fighting Championship» (UFC) dunyodagi aralash yakkakurash bo‘yicha eng yirik tashkilotlardan biridir. U 1993-yilda AQShda tashkil etilgan bo‘lib, bosh qarorgohi Las-Vegas shahrida joylashgan.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.