Rossiyada o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, «Alisa AI» sun’iy intellekt tizimi kasbiy faoliyatda eng ko‘p qo‘llaniladigan raqamli vositaga aylandi. NAFI tahlil markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovda qatnashgan mutaxassislarning 80 foizi ushbu tizimdan foydalanishini bildirgan. «ChatGPT»dan foydalanuvchilar ulushi esa 67 foizni tashkil etgan.
Foydalanish darajasi bo‘yicha kuchli beshlikka «GigaChat» (58 foiz), Xitoyning «DeepSeek» tizimi (41 foiz) hamda «Google Gemini» (33 foiz) ham kirgan.
Tadqiqot davomida mutaxassislarning aksariyati faqat bitta sun’iy intellekt vositasi bilan cheklanmasligi aniqlangan. So‘rov ishtirokchilarining 87 foizi bajariladigan vazifaning xususiyatiga qarab bir nechta tizimdan uyg‘unlikda foydalanadi. Qatnashchilarning 62 foizi esa kundalik ishlarining asosiy qismida sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanishini bildirgan.
Tadqiqot ma’lumotlariga ko‘ra, turli sun’iy intellekt tizimlarining qo‘llanilish yo‘nalishlari ham bir-biridan farq qiladi. «Alisa AI» ta’lim olish va matn tayyorlashda, «ChatGPT» murakkab ma’lumotlarni tahlil qilish hamda dasturlashda, «GigaChat» esa tasvir, video va audioyozuvlar yaratishda qo‘llaniladi.
Kasbiy yo‘nalishlar bo‘yicha ham muayyan farqlar kuzatilgan. Axborot texnologiyalari sohasi mutaxassislari ko‘proq «ChatGPT»ni tanlasa, media va marketing sohasi xodimlari orasida «DeepSeek» kengroq qo‘llaniladi. Umuman olganda, o‘rganilgan 11 ta sohaning yettitasida «Alisa AI» tizimidan foydalanish darajasi yuqori bo‘lgan.
So‘nggi olti oy davomida sun’iy intellekt texnologiyalari tajriba o‘tkazish vositalaridan kundalik ish faoliyatining ajralmas qismiga aylana boshladi. So‘rovda qatnashgan mutaxassislarning 73 foizi keyingi paytlarda sun’iy intellekt tizimlaridan tez-tez foydalanayotganini qayd etgan. Rahbarlarning yarmidan ko‘prog‘i esa ushbu texnologiyalarni deyarli har kuni qo‘llaydi.
Tadqiqot natijalari zamonaviy mutaxassislar uchun turli sun’iy intellekt tizimlari imkoniyatlaridan oqilona foydalanish ko‘nikmasi tobora muhim ahamiyat kasb etayotganini ko‘rsatadi. Bunday vositalar ilm-fan va ta’limdan tortib, biznes hamda reklamagacha bo‘lgan turli sohalarda kundalik vazifalarni tezroq va samaraliroq bajarishga yordam beradi.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.