Raqamli xavfsizlik sohasida faoliyat yurituvchi «NordPass» kompaniyasining yangi hisobotiga ko‘ra, 2026-yilda dunyoda eng ko‘p ishlatiladigan parollar orasida oddiy raqamlar ketma-ketligi va keng tarqalgan xizmat so‘zlari yetakchilik qilmoqda. Ular qatoriga «123456», «12345678» va «admin» parollari kiradi.

Hisobotga muvofiq, «123456» olti xonali raqamlar ketma-ketligi so‘nggi sakkiz yil ichida yetti marta dunyodagi eng ko‘p qo‘llaniladigan parol sifatida qayd etilgan. Ushbu paroldan 7,2 milliondan ortiq marta foydalanilgan. Reytingning ikkinchi pog‘onasidan 4,5 million marta qayd etilgan «admin» so‘zi, uchinchi o‘rindan esa qariyb uch million marta ishlatilgan «12345678» paroli joy olgan.

Mutaxassislar foydalanuvchilar orasida oson taxmin qilinadigan raqamlar ketma-ketligi va sodda so‘zlardan foydalanish hanuz keng tarqalganini ta’kidlamoqda. Eng ko‘p ishlatiladigan parollarning dastlabki o‘ntaligiga ingliz tilidagi «password» so‘zi ham kiritilgan bo‘lib, u yettinchi o‘rinni egallagan.

Tadqiqot 44 ta mamlakatni qamrab olgan bo‘lib, 2025-yil sentabridan 2026-yil sentabrigacha bo‘lgan davrda internet va ochiq ma’lumot manbalaridan olingan axborotlar tahliliga asoslangan.

Mutaxassislar bunday sodda parollardan foydalanish shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligiga tahdid solishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda. Shu sababli murakkab va takrorlanmaydigan parollardan foydalanish, shuningdek, har bir hisob uchun alohida parol tanlash tavsiya etiladi.