Braziliyaning janubidagi Balneário-Kamboriu shahrida qurilayotgan «Senna Tower» osmono‘par binosi qurilishida muhim bosqich yakunlandi. Kelajakda dunyodagi eng baland turar joy binosiga aylanishi kutilayotgan inshootning qoziqli poydevorini qurish ishlari muvaffaqiyatli tugallandi.
Bu haqda loyiha ishlariga rahbarlik qilayotgan «Talls Solutions» kompaniyasining ijrochi direktori, qurilish muhandisi Stefan Domenini ma’lum qildi.
Loyiha doirasida binoning asosiy poydevor plitasi ostiga diametri 60 santimetr, uzunligi 27 metrdan 44,5 metrgacha bo‘lgan jami 798 ta burg‘ilangan qoziq o‘rnatildi. Ular qoyatosh qatlamigacha chuqurlashtirildi. Keyingi bosqichda quruvchilar temir-beton poydevor plitasini barpo etishga kirishadilar. Ushbu plita binoning yer ustidagi qismining og‘irligini bir tekis taqsimlashga xizmat qiladi.
Inshoot balandligi 550 metrdan oshishi kutilmoqda. Shu tariqa, u Nyu-York shahridagi balandligi taxminan 541 metr bo‘lgan «One World Trade Center» binosidan ham baland bo‘lib, dunyodagi eng baland turar joy osmono‘par binosiga aylanadi.
Poydevor qurilishi yakunlanishidan oldin to‘rt yildan ortiq vaqt davomida ilmiy-tadqiqot ishlari, shuningdek, keng ko‘lamli sinovlar va texnik tekshiruvlar o‘tkazildi. Ushbu ishlar «Talls Solutions» kompaniyasi, Braziliyaning «FG Empreendimentos» qurilish kompaniyasi hamda tegishli soha mutaxassislari bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
«Senna Tower» dunyoning turli mamlakatlarida amalga oshirilayotgan o‘ta baland osmono‘par bino loyihalari qatoriga kiradi. Ular orasida Saudiya Arabistonida qurilayotgan «Jeddah Tower» binosi ham bor. Uning qurilishini 2028-yilgacha yakunlash rejalashtirilgan. Loyiha bo‘yicha binoning balandligi bir kilometrdan oshishi kutilmoqda.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.