
Uzunligi taxminan 6 800 kilometr bo‘lgan Amazonka daryosi o‘zining serob suvi, boy flora va fauna olami bilan betakror manzara hosil qiladi. Nil daryosidan keyin eng uzun daryo hisoblangan Amazonka Braziliya, Kolumbiya va Peru kabi uch asosiy davlat, shuningdek Venesuela, Ekvador va Boliviya hududlaridan oqib o‘tadi. Daryoning asosiy qismi Braziliyada joylashgan. Amazon o‘rmonlarini “oziqlantiruvchi” Amazonka har soniyada taxminan 219 ming kub metr chuchuk suvni okeanga quyadi. Amazonkaning eng hayratlanarli jihatlaridan biri — daryo ustidan o‘tuvchi birorta ham ko‘prikning yo‘qligidir. Qalin yashil o‘rmonlar bilan o‘ralgan daryoning bir sohilidan ikkinchisiga faqat kema yoki qayiq orqali o‘tish mumkin. Yomg‘ir mavsumida daryoning suvi odatdagidan 30 metrgacha ko‘tariladi. Amazonkada faqat chuchuk suvda yashovchi, “boto” deb ataladigan noyob delfinlar hamda peshonasi yassi, sarg‘ish-yashil rangli dorado baliqlarini uchratish mumkin. Shoxlanib oqadigan Amazonka daryosi yuqoridan qaralganda egri-bugri ilonga o‘xshaydi. Ko‘pchilik e’tiborini tortadigan bu daryoda sayyohlar uchun kema sayohatlari tashkil etiladi. Amazon o‘rmonlari va daryoning uyg‘un go‘zalligidan bahramand bo‘lgan sayyohlar hasharotlar, qushlar, o‘simliklar, maymunlar va yaguarlarning turli turlarini yaqindan kuzatishlari mumkin. Kutilmagan voqealar va hayajonli sarguzashtlarni yoqtiradiganlar uchun Amazonka eng yaxshi tabiiy sayyohlik markazlaridan biridir. Amazonkaga kelgan sayyohlar amazon qishloqlari, aholisi va madaniyati bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladilar. Bu yerda sayyohlarga mahalliy taomlar tayyorlash usullari ko‘rsatiladi, shuningdek daraxtga chiqish, ochiq ayvonli uychalarda dam olish va daraxtlarda suratga tushish kabi mashg‘ulotlar taklif etiladi.
Keywords