Turkiyada investitsiya kiritayotgan xorijiy fuqarolarga 3 va 5 yil muddatga yashash ruxsatnomasi (ikamet) berish ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda 2026-yil 18-noyabr kuni «Resmî Gazete» rasmiy nashrida e’lon qilingan Prezidentning 11994-sonli qarorida belgilangan. Hujjat Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an tomonidan 17-noyabr kuni imzolangan. Bu haqda Turkiya Respublikasining «Resmî Gazete» rasmiy nashri xabar berdi.
Yangi qoidalarga muvofiq, Turkiyaga kamida 150 ming AQSh dollari yoki shunga teng miqdordagi boshqa xorijiy valyutada investitsiya kiritgan chet el fuqarolariga 3 yillik, 200 ming AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritganlarga esa 5 yillik yashash ruxsatnomasi beriladi.
Investitsiyalarni bir nechta yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirish mumkin. Ular qatoriga Turkiyada faoliyat yuritayotgan banklarga belgilangan miqdordagi mablag‘larni joylashtirish, davlat qarz instrumentlarini sotib olish, ko‘chmas mulk va venchur investitsiya fondlarining ulushlariga ega bo‘lish, shuningdek, mamlakatning xususiy pensiya tizimiga mablag‘ kiritish kiradi.
Qarorda investitsiyalarni muayyan muddat davomida saqlab turish talabi ham belgilangan. Xorijiy investor kiritgan mablag‘larini yashash ruxsatnomasi amal qilish muddatining kamida yarmi davomida saqlashi lozim. Shunga ko‘ra, 3 yillik ruxsatnoma olganlar investitsiyalarini kamida 1,5 yil, 5 yillik ruxsatnoma olganlar esa kamida 2,5 yil saqlab turishlari kerak.
Investitsiyalar belgilangan shartlarga muvofiq saqlanganligi ularning turiga qarab tegishli davlat organlari tomonidan tasdiqlanishi lozim.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.