
Yaqin vaqt ichida Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholi punktlari bo‘yicha dasturi (BMT-Xabitat) loyiha idorasi ochilishi mumkin.
«Trend» xalqaro axborot agentligining xabar berishicha, ushbu rejalarni BMT-Xabitatning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha Mintaqaviy idorasi direktori Irfan Ali ma’lum qildi. U Butunjahon shahar forumining doirasida tashkil etilgan Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo forumi chog‘idagi chiqishida ushbu muhim qadamga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Irfan Alining ta’kidlashicha, hozirgi vaqtda tashkilotning mintaqaviy bo‘limi Sharqiy va Janubiy Yevropa, G‘arbiy Bolqon, Kavkaz, Markaziy Osiyo davlatlarini, shuningdek, Turkiya va Rossiyani qo‘shgan holda jami 25 ta mamlakatni qamrab oladi. Ushbu Mintaqaviy idora BMTning boshqa agentliklari qatori Istanbul shahrida (Turkiya) joylashgan.
«Bizda allaqachon to‘rtta mamlakatda — Kiyev, Moskva, Kosovo va Bokuda idoralarimizni ochish bo‘yicha maxsus dasturimiz bor. Juda yaqin vaqt ichida Turkmanistonning Ashxobod shahrida ham loyiha idoramiz ochilishiga katta umid bog‘layman», — deb ta’kidladi BMT-Xabitat vakili.
Eslatib o‘tamiz, Turkmaniston delegatsiyasi barqaror shaharsozlik va ekologik toza aholi punktlarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan Butunjahon shahar forumida faol ishtirok etmoqda. Poytaxtimizda yangi idoraning ochilishi yurtimiz va BMT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashga yangi sur’at bag‘ishlaydi.
Keywords