Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) Turkmaniston Aloqa vazirligi hamda Turkmaniston Prezidenti huzuridagi Davlat xizmati akademiyasi bilan hamkorlikda Ashxobodda 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Sun’iy intellektni rivojlantirish milliy strategiyasiga bag‘ishlangan tadbirlarni tashkil etdi.
Strategik hujjat 24–25-noyabr kunlari Turkmaniston Raqamli forumi hamda «Turkmentel — 2026» xalqaro ko‘rgazmasi va konferensiyasi doirasida taqdim etildi. BMTTD ekspertlarining ko‘magida Aloqa vazirligi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan mazkur strategiya mamlakatda sun’iy intellekt texnologiyalarini mas’uliyat bilan joriy etishning asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi.
Hujjatda davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish, raqamli infratuzilmani rivojlantirish, malakali mutaxassislarni tayyorlash, shuningdek, davlat idoralari va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish kabi muhim vazifalar nazarda tutilgan.
BMTTDning Turkmanistondagi doimiy vakili Narine Saakyan ta’kidlaganidek, ushbu strategiya mamlakatning uzoq muddatli raqamli rivojlanish istiqbollarini shakllantirish bilan birga, milliy muassasalar salohiyati va inson kapitalini mustahkamlash uchun ham asos yaratadi. Uning asosiy maqsadi texnologik o‘zgarishlar aholiga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sifatini oshirishga xizmat qilishini ta’minlashdan iborat.
24-noyabr kuni «Turkmentel — 2026» tadbiri doirasida o‘tkazilgan maxsus majlisda BMTTDning sun’iy intellekt sohasida salohiyatni rivojlantirish bo‘yicha global tashabbusi rahbari Aleksandr Gradetskiy strategiyaning asosiy yo‘nalishlari va ushbu sohadagi xalqaro tajriba haqida ma’ruza qildi.
Ertasi kuni esa ekspertlar ishtirokida texnologik tadbirkorlikni rivojlantirish, innovatsion markazlar va biznes-inkubatorlarning ahamiyati, startap loyihalarni amalga oshirish hamda investitsiyalarni jalb etishda ta’lim dasturlarining o‘rni yuzasidan fikr almashildi.
Tadbirlar doirasida BMTTD, Aloqa vazirligi va Davlat xizmati akademiyasi tomonidan 70 nafar davlat xizmatchisi uchun amaliy o‘quv seminari ham tashkil etildi. Unda ishtirokchilar sun’iy intellekt texnologiyalaridan davlat boshqaruvida foydalanish imkoniyatlarini aniq misollar orqali o‘rgandilar.
O‘quv mashg‘ulotlarida neyrotarmoqlardan hujjatlarni tayyorlash jarayonini tezlashtirish, katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish va boshqaruv jarayonlarini yengillashtirishda foydalanishga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash, ish jarayonlarining shaffofligini saqlash va yakuniy qarorlarni qabul qilishda inson nazoratini majburiy shart sifatida ta’minlash masalalari ham muhokama qilindi.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.