
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi Turkmaniston tashabbusi asosida “Barqaror rivojlanishni ta’minlashda ishonchli va barqaror energetik bog‘liqlikning asosiy o‘rni” hamda “BMTning barqaror transport bo‘yicha o‘n yilligi (2026–2035-yillar)” nomli rezolyutsiyalarni bir ovozdan qabul qildi. Bu haqda Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov juma kuni bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasi va Davlat xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ma’lum qildi.
Rasmiy manbalarga ko‘ra, tegishli qarorlar BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi 64-yalpi majlisida qabul qilingan.
Prezident Serdar Berdimuhamedov turkman xalqi nomidan Turkmaniston tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagan barcha BMTga a’zo davlatlarga samimiy minnatdorlik bildirdi.
Davlat rahbari kelgusida ham BMT bilan samarali hamkorlikni rivojlantirish borasidagi ishlar davom ettirilishini ta’kidlab, muhim ahamiyatga ega rezolyutsiyalar qabul qilingani munosabati bilan yig‘ilish ishtirokchilarini tabrikladi.
Shuningdek, 2025-yil mart oyida BMT Bosh Assambleyasi “Turkmanistonning doimiy betarafligi” nomli rezolyutsiyani ham bir ovozdan tasdiqladi.
Keywords