O‘sib kelayotgan yosh avlodni maktabga tayyorlashda bolalar bog‘chalarida olib boriladigan ta’lim-tarbiya ishlarining ahamiyati katta. Bolalarga erta yoshdan zamonaviy bilim berish, savodxonlikka o‘rgatish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda mashg‘ulotlarda innovatsion texnologiyalardan foydalanish maktabgacha ta’lim muassasalarining asosiy vazifalari sirasiga kiradi.

Ashxobod shahridagi 62-sonli bolalar bog‘chasida ham bolalarning aqliy salohiyatini rivojlantirish va nutq ko‘nikmalarini takomillashtirishga qaratilgan mashg‘ulotlar muntazam o‘tkaziladi. Bog‘cha guruhlarida tarbiyalanayotgan bolalar bilan tashkil etiladigan nutqni rivojlantirish mashg‘ulotlarida ularning yangi tushunchalarni o‘zlashtirishi, ona tilidagi tovushlarni to‘g‘ri talaffuz qilishi va so‘z boyligini oshirishiga alohida e’tibor qaratiladi.

Mashg‘ulotlar boshida bolalarga oy va kun sanasi, hafta kunlari, yil fasllari hamda ob-havo holati haqida ma’lumot beriladi. Avval o‘rganilgan mavzularni mustahkamlash maqsadida rang-barang suratlar va tasvirli ko‘rgazmali qo‘llanmalardan foydalaniladi.

Masalan, bolalarning tana a’zolari haqidagi tasavvurlarini kengaytirish uchun bosh, og‘iz, burun, qo‘l, oyoq, quloq va ko‘z tasvirlari ko‘rsatiladi. Bolalar ushbu rasmlarga qarab, tana a’zolarining nomlarini aytadilar. Shuningdek, mavzuga oid she’rlarni yod olish va aytib berish orqali ularning nutq ko‘nikmalari mustahkamlanadi. Mashg‘ulot davomida bolalarning dam olishi uchun harakatli mashqlar ham bajariladi.

Bunday usullarning uyg‘unlikda qo‘llanilishi bolalarning mashg‘ulotlarga qiziqishini oshirish, ularning aqliy va nutqiy rivojlanishiga ko‘maklashadi.