Insayder Ice Universe X ijtimoiy tarmog’ida Samsung’ning ikkita kelajakdagi flagmani — Galaxy S27 Ultra va Galaxy S27 Pro kamera blokining yakuniy dizaynini ko’rsatuvchi rasmni e’lon qildi. «Bu S27 Ultra va S27 Pro’dagi kameralarning haqiqiy joylashuvi ekani tasdiqlandi; bu yakuniy dizayn», deb yozdi u Weibo sahifasida va taxminan shuni X’da ham takrorladi.
Eskizga ko’ra, kameralar korpusning yuqori chap burchagidagi ko’tarilgan maydonchada joylashadi. Ikkita yirik obyektiv chapda vertikal joylashgan, o’ngda esa kichikroq uchinchi modul va uning tepasida chaqmoq bor. Natijada to’rtta dumaloq elementdan iborat guruh hosil bo’ladi. Bu avvalgi sizib chiqqan ma’lumotlardan farq qiladi: ularda alohida chaqmoq va uchinchi modul o’rniga bitta tabletka shaklidagi blok ko’rsatilgan edi.
Ice Universe’ning aytishicha, ikkala smartfon ham bir xil kamera joylashuviga ega bo’ladi. Galaxy S27 Pro qatordagi yangi model bo’lib, Galaxy S27+ va Ultra o’rtasida joy oladi. U katta versiyadan ixchamroq bo’lishi va S Pen stilusidan mahrum bo’lishi kutilmoqda.
Avvalgi ma’lumotlarga ko’ra, Pro va Ultra versiyalari yangi 200 megapikselli sensorni olishi mumkin. Insayderlar ma’lumotiga ko’ra, Galaxy S27 Ultra uch karra optik zumli alohida teleobyektivdan mahrum bo’ladi. Galaxy S27 oilasining taqdimoti 2027-yil boshida kutilmoqda.
Ice Universe ilgari egilgan ekranli smartfonlar tendensiyasi, iPhone X’dagi kesik, iPhone 14 ning yangi dizayni va Samsung’ning 200 megapikselli sensori haqida birinchilardan bo’lib to’g’ri aytgan. Xabarga ko’ra, unga eksklyuziv ma’lumotlarni janubiy koreyalik kompaniyaning tadqiqot va ishlanmalar bo’limidagi manbalar beradi. Samsung bu ma’lumotlarni hozircha rasman tasdiqlamagan.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.