26-noyabr kuni Buyuk Britaniya hukumati va Yevropa Ittifoqi Brexitdan keyingi munosabatlarni yangi asosda yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘tgan hafta erishilgan ikkita kelishuv matnlarini jamoatchilikka taqdim etadi. Shu bilan birga, kelishuvlarning asosiy qoidalarini amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni kamaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ham e’lon qilinadi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Kelishuvlar paketi Buyuk Britaniyaning oziq-ovqat mahsulotlari eksporti, chiqindilar kvotalari savdosi va yoshlar uchun almashinuv dasturini qamrab oladi. Payshanba kuni oziq-ovqat savdosi hamda chiqindilar bilan bog‘liq savdo tizimiga oid kelishuvlar matnlari e’lon qilinadi. Shuningdek, kelishuvlarning mamlakatning ayrim tarmoqlari va hududlariga ta’siri bo‘yicha yangi baholash natijalari taqdim etilishi kutilmoqda.
BBC ma’lumotlariga ko‘ra, oziq-ovqat savdosi to‘g‘risidagi kelishuv 10 yil muddatga mo‘ljallangan. Agar tomonlardan biri kelishuvdan chiqishga qaror qilsa, yangi bitim doirasida sezilarli darajada qisqartiriladigan chegara nazorati infratuzilmasini qayta tiklash xarajatlarini qoplashi kerak bo‘ladi. Muxolifat yetakchisi Kemi Badenok kelishuvni bekor qilishini ma’lum qildi. «Reform UK» partiyasi rahbari Nayjel Faraj ham tegishli to‘lovni amalga oshirishdan bosh tortishini bildirdi.
Yangi kelishuv natijasida oziq-ovqat mahsulotlari eksportchilari ko‘plab byurokratik jarayonlar va tekshiruvlarning bekor qilinishidan manfaat ko‘radi. Ichki tahlillarga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti 16 foizgacha oshishi mumkin. Hukumat va soha vakillari xarajatlarning kamayishi iste’molchilar uchun narxlarga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishiga umid qilmoqda. Biroq ishbilarmon doiralar vakillarining fikricha, Yaqin Sharqdagi urush sababli energiya resurslari narxining oshishi ushbu ta’sirni sezishga to‘sqinlik qilishi mumkin.
Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqining chiqindilar savdosi tizimlarini birlashtirish aviatsiya va dengiz transporti sohalarini ham qamrab oladi. Kelishuvlarda Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqining tegishli qoidalarini ishlab chiqishda ovoz berish huquqisiz qanday ishtirok etishi mumkinligi ham bayon etiladi.
Qonun loyihasi, shuningdek, vazirlarga Britaniya qonunchiligini Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga muvofiqlashtirish uchun keng vakolatlar berishni nazarda tutadi. «Genrix VIII vakolatlari» deb ataladigan ushbu mexanizm parlament nazorati nisbatan cheklangan sharoitda tegishli huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish kiritish imkonini beradi.
Yevropa masalalari bo‘yicha vazir Hemish Falkoner qonun loyihasi oziq-ovqat va ichimlik mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchilar uchun qog‘oz hujjatlar bilan bog‘liq to‘siqlarni bartaraf etishini, milliardlab funt sterling qiymatidagi Britaniya eksportini uglerod soliqlaridan himoya qilishini hamda mamlakatning eng yirik savdo hamkori bilan ish yuritishni yengillashtirishini ta’kidladi.
Bosh vazir Endi Byornhem deputatlarga kelishuvlarni taqdim etar ekan, ularni pragmatik xususiyatga ega deb atadi va bu yanada keng ko‘lamli o‘zgarishlarning boshlanishi emasligini ta’kidladi. Shuningdek, u Buyuk Britaniya referendum o‘tkazmasdan Yevropa Ittifoqiga qayta qo‘shila olmasligini bildirdi.
Kemi Badenok esa bosh vazirni kelishuvning ahamiyatini bo‘rttirib ko‘rsatishda va mamlakatni 2015-yildagi holatga qaytarishga urinishda aybladi.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.