Sun’iy intellekt bilan bog‘liq xavf-xatarlar haqidagi tadqiqotlari bilan tanilgan shvetsiyalik faylasuf Nik Bostrom o‘ta rivojlangan sun’iy intellekt tibbiyot sohasida katta kashfiyotlarga yo‘l ochib, insonlarning qarish jarayonini sekinlashtirish yoki hatto to‘xtatishga yordam berishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Uning matematik hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘lim xavfini hozirgi kunda sog‘lom 20 yoshli insonlardagi darajagacha kamaytirish imkoni yaratilsa, odamlarning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi taxminan 1400 yilga yetishi mumkin. Bu haqda «Business Insider» nashri xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, 1400 yillik umr ko‘rsatkichi aniq bashorat emas, balki Bostromning 2026-yil fevral oyida chop etilgan «O‘ta yuqori darajadagi sun’iy intellektni yaratish uchun eng maqbul vaqt» nomli ilmiy ishida bayon etilgan matematik model natijasidir.
Olim o‘zining soddalashtirilgan hisob-kitoblarida sun’iy intellekt mavjud bo‘lmagan taqdirda, insonning o‘rtacha yana 40 yil umr ko‘rishini nazarda tutadi. Agar o‘ta rivojlangan sun’iy intellekt yaratilsa, uning yordamida «yosharish tibbiyoti»ni rivojlantirish va o‘lim ko‘rsatkichini sog‘lom 20 yoshli insonlardagi darajagacha pasaytirish mumkin bo‘ladi. Agar ushbu ko‘rsatkich uzoq vaqt davomida saqlab turilsa, qarish bilan bog‘liq o‘lim xavfi deyarli yo‘qoladi. Shunga qaramay, insonlar baxtsiz hodisalar yoki zo‘ravonlik oqibatida halok bo‘lish xavfidan to‘liq xalos bo‘lmaydi.
Bostromning hisob-kitoblariga ko‘ra, sun’iy intellektni yaratish insoniyat uchun global halokat xavfini yuzaga keltirish ehtimoli 97 foizdan past bo‘lgan taqdirdagina kutilayotgan umr davomiyligini oshirishi mumkin. Agar sun’iy intellekt inson umrini atigi qo‘shimcha 20 yilga uzaytirish imkonini bersa, maqbul xavf darajasi taxminan 33 foizgacha pasayadi.
Faylasuf «AZFamily» telekanaliga bergan intervyusida o‘ta rivojlangan sun’iy intellektni yaratishni xavfli jarrohlik amaliyotiga qiyoslagan. Uning taqqoslashida qarish hayot uchun xavfli kasallik, sun’iy intellekt esa tavakkalchilik bilan bog‘liq davolash usuli sifatida tasvirlanadi. Bostromning aytishicha, dunyo bo‘yicha har kuni kasalliklar, qarish va boshqa sabablar tufayli taxminan 170 ming kishi hayotdan ko‘z yumadi. O‘ta rivojlangan sun’iy intellekt esa tibbiy tekshiruvlar va ilmiy tadqiqotlar sur’atini sezilarli darajada tezlashtirishi mumkin.
Shu bilan birga, olim o‘zining ilmiy ishi ko‘pincha noto‘g‘ri talqin qilinishini ta’kidlaydi. Uning fikricha, ushbu model hozir yashayotgan insonlarning umrini imkon qadar uzaytirish uchun qaysi yo‘l samaraliroq ekanini tahlil qiladi. Biroq bu ko‘rsatkich sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha qarorlar qabul qilishda hisobga olinishi kerak bo‘lgan ko‘plab omillardan biridir. Bostrom model soddalashtirilganini va unda aniq siyosiy tavsiyalar ilgari surilmaganini ham qayd etadi.
Faylasufning fikricha, sun’iy intellekt rivojini muayyan oraliq darajada ushlab turish ham oson bo‘lmaydi. Bunga ushbu sohaga yo‘naltirilayotgan yirik investitsiyalar, tijorat manfaatlari hamda AQSh va Xitoy o‘rtasidagi texnologik raqobat sabab bo‘lmoqda. Shunga qaramay, o‘ta rivojlangan sun’iy intellektni yaratishdan voz kechish global miqyosdagi falokat xavfi butunlay yo‘qolishini anglatmaydi.
Bu qarash ayrim mutaxassislarning e’tirozlariga ham sabab bo‘lmoqda. Tanqidchilarning ta’kidlashicha, hatto o‘ta rivojlangan sun’iy intellekt ham bir necha yil davom etadigan klinik sinovlar yakunini ular tugashini kutmasdan aniqlay olmaydi.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.