20th Century Studios kinokompaniyasi «Uyda yolg‘iz» filmi davomini suratga olish bo‘yicha dastlabki ishlarni boshladi. Yangi filmda aktyor Makaley Kalkinning oradan 30 yildan ortiq vaqt o‘tib, Kevin Makkallister roliga qaytishi ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda «Deadline» va «Puck» nashrlari o‘z manbalariga tayanib xabar bermoqda.

Loyiha hozircha dastlabki bosqichda. Ssenariy ustida ishlash va prodyuserlik vazifalarini Set Rogen hamda Evan Goldberg amalga oshirmoqda. Ular Makaley Kalkin taklif qilgan g‘oya asosida ish olib bormoqda. «Disney» kompaniyasi esa «Deadline» nashrining bu boradagi so‘roviga izoh berishdan bosh tortdi.

Hozirgacha «Uyda yolg‘iz» filmlar turkumining jami olti qismi suratga olingan. Makaley Kalkin ulardan faqat dastlabki ikkitasida, jumladan, 1992-yilda ekranlarga chiqqan «Uyda yolg‘iz 2: Nyu-Yorkda yo‘qolgan» filmida bosh rolni ijro etgan.

1997-yilda uchinchi filmni suratga olish ishlari boshlanganda, aktyor bolalik davridagi obrazidan ulg‘ayib ketgan edi. Shu sababli kinoijodkorlar film turkumini yangi aktyorlar ishtirokida davom ettirishga qaror qilishgan.