Telegram messenjeri foydalanuvchilarning qiziqishlariga mos kanallardagi postlarni bir joyda jamlab ko‘rsatadigan yangi «Yangiliklar» bo‘limini sinovdan o‘tkazmoqda. Yangi bo‘limdagi «Qo‘shilganlar» sahifasi orqali foydalanuvchilar o‘zlari tanlagan kanallarga obuna bo‘lmasdan ham ularning yangiliklarini o‘qishlari mumkin. «Siz uchun» bo‘limida esa o‘yinlar, biotexnologiya kabi yo‘nalishlar bo‘yicha qiziqishlarga mos postlar tavsiya etiladi.
Yangi bo‘lim Telegram’ning iPhone va Mac uchun mo‘ljallangan sinov versiyalarida aniqlangan. 20-noyabr kuni Rossiyaning App Store do‘konida ilovaning 13.2.2-versiyasi paydo bo‘lgan. Kompaniya yangi yangiliklar lentasi barcha foydalanuvchilar uchun qachon ishga tushirilishi haqida hozircha ma’lumot bermadi.
«teleLakel» kanali mualliflari yangi lentaning ishlash tartibini namoyish etdilar. Unda har bir postning manbasi bo‘lgan kanal nomi, matnning boshlang‘ich qismi, shuningdek, ilova qilingan rasm yoki videoning kichik tasviri ko‘rsatiladi. Bundan tashqari, foydalanuvchilar postlar ichidan qidirish, o‘zlarini qiziqtirmaydigan tavsiyalarni yashirish va barcha yangi postlarni bir tugma orqali o‘qilgan deb belgilash imkoniga ega bo‘ladilar.
Sun’iy intellekt yordamchilari, ovozli yozuv va tarjima
Telegram’ning @agent nomli boti menyusiga ChatGPT, Claude, Gemini, Grok va OpenRouter kabi xizmatlar joylashtirilgan. Ularning har birini ulash uchun foydalanuvchiga o‘z API kaliti kerak bo‘ladi. Bir nechta xizmat ulangan taqdirda, bitta bot bilan suhbat davomida ular o‘rtasida almashish mumkin bo‘ladi.
Ovozli xabarni yozib olish vaqtida ekranni chapga surib, diktantni davom ettirish imkoniyati ham sinovdan o‘tkazilmoqda. Foydalanuvchi gapirayotgan paytda uning so‘zlari matn kiritish maydonida paydo bo‘ladi. Keyin ushbu yozuvni oddiy matn ko‘rinishida yuborish mumkin.
Premium obunachilari uchun yuboriladigan xabarlarni avtomatik tahrirlash imkoniyati ham sinovdan o‘tkazilmoqda. Ushbu vosita matndagi xatolarni tuzatadi, uning uslubini o‘zgartiradi yoki tanlangan tilga tarjima qiladi. Tahrirlash «Yuborish» tugmasi bosilgandan so‘ng amalga oshiriladi va xabarni qabul qiluvchiga uning o‘zgartirilgani haqida alohida belgi ko‘rsatilmaydi.
Profillar, sovg‘alar va botlar
Telegram’ning iPhone uchun mo‘ljallangan 13.3 beta-versiyasida foydalanuvchi profillaridagi tugmalar yumaloq shaklga keltirilgan. Profilga biriktirilgan sovg‘alar tasviri atrofida harakatlanuvchi pufakchalar ko‘rinishida namoyish etiladi. Musiqa tinglanayotgan vaqtda esa maxsus animatsiya ishga tushadi. Biroq 37593 raqamli keyingi sinov yig‘ilmasida ushbu bezak ko‘rinishi standart holatda o‘chirib qo‘yilib, faqat sozlamalarning tashqi ko‘rinish bo‘limida qoldirilgan.
Shuningdek, foydalanuvchiga tegishli va blokcheynga o‘tkazilgan sovg‘alarni Telegram ichidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Fragment savdo maydonchasida sotuvga qo‘yish imkoniyati ham ko‘zda tutilmoqda. Xaridor sovg‘a uchun Gram Wallet orqali to‘lashi yoki o‘z narxini taklif qilishi mumkin. Bunday sovg‘alarni yangi kolleksiya yaratilganda birinchi o‘ringa joylashtirish ham mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, bot egalari @BotFather orqali o‘z profillariga interaktiv HTML vidjetlarini qo‘shish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Botlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri taklifnoma yuborish funksiyasi ham sinovdan o‘tkazilmoqda. Taklifnomani olgan foydalanuvchida bot avtomatik ravishda ishga tushadi. Taklifnomada uni kim yuborgani va bot kimga tegishli ekani haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.