Qozog‘istonning Olmaota shahrida 14 mingdan ortiq aholi «oyoqdan yiqitadigan infeksiya» deb atalgan kasallik tarqalishi sababli tibbiy yordamga murojaat qildi. Bu haqda «SHOT» Telegram-kanali ma’lumotlariga tayanib, «Gazeta.ru» xabar berdi.

Xabarda qayd etilishicha, kasallanganlar orasida qariyb uch ming nafar bola shifoxonaga yotqizilgan. Infeksiyani yuqtirgan bemorlarda bir necha kun davomida yuqori tana harorati saqlanib qolmoqda. Ayrim hollarda harorat 40 darajagacha ko‘tarilib, uzoq vaqt pasaymayapti.

Kasallikning asosiy alomatlari qatoriga tana qaqshashi, tomoq og‘rig‘i, kuchli yo‘tal va bosh og‘rig‘i kiradi. Ba’zi bemorlarda qusish va ich ketishi ham kuzatilmoqda.

Ota-onalarning aytishicha, bolalar dori qabul qilganidan keyin bir necha soat davomida o‘zlarini yaxshiroq his qilishadi, biroq keyin tana harorati yana ko‘tariladi. Shu sababli ular ushbu kasallikni «oyoqdan yiqitadigan infeksiya» deb atashmoqda.