
Bugun mamlakatimizda hurmatli Prezidentimiz Serdar Berdimuhamedov ishtirokida umumxalq ko‘chat ekish tadbiri o‘tkazildi. Ezgu an’anaga aylangan ushbu keng ko‘lamli ekologik chora-tadbir mehriban Vatanimizni bog‘u-bo‘stonga aylantirish yo‘lidagi maqsadlarni olg‘a surishga hamda jamiyatimizda ekologik madaniyatni shakllantirishga xizmat qiladi.
Berkarar davlatning yangi davri Uyg‘onish davrida turkman xalqining Milliy Lideri, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Qahramon Arkadag‘imizning ezgu tashabbuslari natijasida va hurmatli Prezidentimiz Serdar Berdimuhamedovning oqilona rahbarligida mamlakatimizda ekologik obodlikni ta’minlash va barqaror tabiiy muhitni shakllantirishga qaratilgan Milliy o‘rmon dasturi amalga oshirilmoqda. Bunda mamlakatimizdagi o‘rmon zonalarining hududlarini kengaytirishga, tabiatning biologik xilma-xilligini asrab-avaylashga muhim ahamiyat berilmoqda.
Ertalab tadbir o‘tkaziladigan joyda bayramona kayfiyat hukm surdi. Tadbir ishtirokchilari safida Majlis Raisi, Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosarlari, harbiy va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, vazirliklar, tarmoq idoralari, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning mamlakatimizdagi vakolatxonalari rahbarlari va vakillari, shuningdek, keng jamoatchilik bor.
Hurmatli Prezidentimiz Serdar Berdimuhamedov umumxalq ko‘chat ekish tadbiri o‘tkaziladigan joyga — poytaxtimizning janubiy qismiga keldi. Tadbir ishtirokchilari davlat rahbarimizni samimiy kutib oldilar.
Hurmatli Prezidentimiz tadbir ishtirokchilarini qutlab, ko‘chat ekish uchun maxsus tayyorlangan joyga bordi. Bu yerda yosh avlod vakili Arkadag‘li Qahramon Serdarimizdan ko‘chat ekish tadbirini boshlab berishni so‘rab murojaat qildi.
Hurmatli Prezidentimiz Serdar Berdimuhamedov ko‘chat o‘tqazib, umumxalq ko‘chat ekish tadbiriga start berdi. Davlat rahbarimizning mamlakatimizni bog‘u-bo‘stonga aylantirishga qaratilgan ushbu keng ko‘lamli tadbirda ishtirok etishi uning ahamiyatini yanada oshirdi hamda xalqimizning milliy an’analari davom ettirilayotganini yaqqol ko‘rsatdi.
Tadbir ishtirokchilarining barchasi Arkadag‘li Qahramon Serdarimizning o‘rnagiga ergashib, ko‘chat ekishga kirishdilar. Tog‘ning salqin havosi tadbir ishtirokchilarining kayfiyatini ko‘tarib, g‘ayratini oshirdi.
Yurtimizni bog‘u-bo‘stonga aylantirishda ilmiy yondashuvga alohida e’tibor berilmoqda. Ko‘chatlarning ushbu hududning tuproq-iqlim sharoitlari hisobga olingan holda ekilishi tog‘ etaklarida daraxtlarning bekamu ko‘st o‘sishini ta’minlaydi. Shahar va qishloqlarda ommaviy ko‘chat ekilishi yashash uchun qulay ekologik muhitni yaratadi. So‘nggi yillarda yurtimizning barcha go‘shalarida bo‘lgani kabi, poytaxtimiz va uning atrofida o‘rmon zonalarining maydonlari tobora kengaytirilishi ushbu ezgu ishga muhim ahamiyat berilayotganining namunasidir.
Ommaviy ko‘chat ekish tadbiri ekologik obodlikni ta’minlash bilan bir qatorda, tabiatning bioxilma-xilligini saqlashda ham muhim ahamiyatga ega. Xalqimizning ushbu ezgu ishda birdamlikda ishtirok etishi vatanparvarlikning hamda yurtimizning o‘ziga xos tabiiy go‘zalligiga hurmat ko‘rsatishning, ota-bobolarimizning atrof-muhit bilan uyg‘un yashash tamoyillari hozirgi avlodlar tomonidan munosib davom ettirilayotganining yorqin belgisidir.
Turkmanistonda bunday ekologik tashabbuslarning izchil o‘tkazilishi atrof-muhit barqarorligini ta’minlashga va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha dunyo hamjamiyatining sa’y-harakatlariga katta hissa bo‘lib xizmat qiladi.
Tadbir davomida ko‘chatlar ekish bilan bir qatorda, mavjud o‘rmon zonalariga ishlov berish ishlari ham olib borildi. Tadbir ishtirokchilari avvalgi yillarda ekilgan daraxtlarning tagini yumshatish va sug‘orish ishlarini bajardilar. Ijodiy jamoalarning mehriban Vatanimizni va yangi tarixiy davrda amalga oshirilayotgan buyuk ishlarni tarannum etuvchi chiqishlari tadbir ishtirokchilarining ruhiyatini ko‘tardi.
Ko‘chat ekish tadbiri yakunlangach, hurmatli Prezidentimiz Serdar Berdimuhamedov tadbir ishtirokchilari bilan samimiy xayrlashib, bu yerdan jo‘nab ketdi.
Umuman olganda, umumxalq ko‘chat ekish tadbiri davomida butun mamlakat bo‘ylab 611 ming 962 tup daraxt ko‘chatlari ekildi. Shuningdek, bog‘lar va o‘rmon zonalarini tozalash, obodonlashtirish ishlari bilan birgalikda, jami 2 million 24 ming 240 tup daraxtga parvarish qilish ishlari o‘tkazildi.
Shunday qilib, ushbu umumxalq ko‘chat ekish tadbiri ona Vatanimiz mustaqilligining shonli 35 yilligiga bag‘ishlangan “Pähim-paýhas ummany Magtymguly Pyragy” (Magtymguly Pyragy hikmatlar ummoni) yilida mamlakatimizning ekologik obodlikni ta’minlash bo‘yicha umumjahon sa’y-harakatlariga qo‘shayotgan munosib hissasining navbatdagi ifodasi bo‘ldi.
Keywords