
Jahon banki Markaziy Osiyoda elektr energiyasi bozorini rivojlantirish va energetika tizimlari integratsiyasini ta’minlashga qaratilgan 10 yillik REMIT (“Markaziy Osiyoda elektr energiyasi bozorini rivojlantirish va energetika tizimlarini integratsiyalash”) dasturini tasdiqladi. Dastur umumiy moliyalashtirish hajmi 1 milliard 18 million AQSh dollarini tashkil etadi. Bu haqda Jahon banki payshanba kuni ma’lum qildi.
Loyiha mintaqaviy elektr energiyasi bozorini yaratish, chegaralararo elektr savdosini kengaytirish, elektr uzatish tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik quvvatini oshirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini energetika tizimlariga keng joriy etishni nazarda tutadi.
REMIT dasturi doirasida mintaqada elektr energiyasining yillik savdo hajmini 15 ming gigavatt-soatgacha oshirish, elektr uzatish tarmoqlarining umumiy o‘tkazuvchanlik quvvatini uch baravardan ko‘proqqa oshirib 16 gigavattga yetkazish, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarining energetika tizimlariga 9 gigavatt miqdorida toza energiya quvvatlarini ulash rejalashtirilgan.
“Energiya” muvofiqlashtiruvchi-boshqaruv markazi bozor va institutsional chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun mas’ul bo‘ladi. Elektr energiyasini uzatish bo‘yicha milliy kompaniyalar infratuzilmaga investitsiyalar kiritadi. Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy boshqaruv qo‘mitasi esa dastur ijrosini umumiy nazorat qiladi.
REMIT dasturi mintaqa mamlakatlarining bir-birini to‘ldiruvchi energetik imkoniyatlaridan samarali foydalanishga qaratilgan. Xususan, Qirg‘iziston va Tojikistondagi gidroenergetika, Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekistondagi issiqlik elektr energiyasi ishlab chiqarishi, shuningdek, Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlarida rivojlanib borayotgan quyosh va shamol energetikasi dastur uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Keywords