Samsung kompaniyasi Google bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan va Gemini sun’iy intellekt tizimi o‘rnatilgan aqlli ko‘zoynaklarining sotuvga chiqarilish sanasini e’lon qildi. Yangi qurilmalar 10-dekabrdan AQSh va Koreya Respublikasida sotuvga chiqariladi. Oldindan buyurtmalarni qabul qilish allaqachon boshlangan. Bu haqda iXBT.com nashri xabar berdi.

Yangi ko‘zoynaklar Gentle Monster va Warby Parker brendlari tomonidan taqdim etilgan 30 xil dizaynda ishlab chiqariladi. Gentle Monster olti turdagi gardish asosida 16 ta modelni, Warby Parker esa uch xil dizaynda 14 ta modelni tayyorlagan. Modellar tashqi ko‘rinishi, rangi, o‘lchami va linzalarining xususiyatlariga ko‘ra farqlanadi. Gardishlarning og‘irligi taxminan 41 grammni tashkil etadi.

AQShda Warby Parker ko‘zoynaklarining boshlang‘ich narxi 395 dollar, Gentle Monster modellariniki esa 449–489 dollar etib belgilangan. Gentle Monster brendining ko‘zoynaklari Koreya Respublikasida ham sotuvga chiqariladi.

Qurilmaning asosiy xususiyatlaridan biri Gemini sun’iy intellekti bilan ishlashidir. Foydalanuvchilar ko‘zoynak yordamida o‘zlari qarshisidagi buyumlar haqida savollar berib, atrof-muhitga oid ma’lumotlarni olishlari mumkin. Shuningdek, sinf doskasini suratga olish, undagi yozuvlarning qisqacha mazmunini Samsung Notes ilovasida tayyorlash, taomnomalarni tarjima qilish va Google Maps orqali yo‘nalish bo‘yicha ko‘rsatmalar olish imkoniyatlari ham mavjud.

Aqlli ko‘zoynaklar kelgan bildirishnomalarni guruhlarga ajratib, ularning qisqacha mazmunini ovoz chiqarib o‘qib bera oladi. Foydalanuvchilar smartfonlarini qo‘llariga olmasdan, ovozli buyruqlar orqali qo‘ng‘iroqlar va xabarlarga javob berishlari mumkin.

Warby Parker modellari 12 megapikselli HDR kamera bilan jihozlangan. Kamera sun’iy intellekt uchun vizual ma’lumotlarni olish, shuningdek, suratga olish va video yozish imkonini beradi. Bundan tashqari, ko‘zoynaklarda ochiq turdagi dinamiklar va to‘rtta mikrofon mavjud. Qurilma Snapdragon AR1 Gen 1 platformasida ishlaydi. To‘liq quvvatlangan batareya 9 soatgacha, quvvatlash qutisi bilan birgalikda esa 72 soatgacha foydalanish imkonini beradi.

Yangi ko‘zoynaklar One UI 9.0 yoki undan yangi dasturiy ta’minot o‘rnatilgan Galaxy S, S FE, Z Fold, Flip va Fold Ultra turkumidagi smartfonlar bilan mos keladi. Shuningdek, Android 17 tizimida ishlaydigan Pixel 7 va undan keyingi modellar, iOS 26.6 yoki undan yangi tizimga ega, kamida 6 GB tezkor xotirali iPhone 13 va undan keyingi modellar ham qo‘llab-quvvatlanadi.

Ko‘zoynaklar Warby Parker kompaniyasining chakana savdo do‘konlari va internet-do‘konida, shuningdek, Gentle Monster brendining internet-do‘konida sotuvga qo‘yiladi. Yangi qurilmani namoyish etish tadbirlari esa 10-dekabrdan boshlab Samsung kompaniyasining tanlangan do‘konlarida o‘tkaziladi.