
Yer yuzining turli burchaklarida ko‘rganlarni hayratda qoldiradigan tabiiy go‘zalliklar juda ko‘p. Go‘zal tabiati bilan ajralib turadigan joylardan biri Peruning kamalak tog‘laridir. Olimlarning ta’kidlashicha, Janubiy Amerikaning eng go‘zal joylaridan biri bo‘lgan rangli qoyalar ming yillar davomida yomg‘ir va shamol natijasida hosil bo‘lgan. 7 xil rangli mineral qatlamdan iborat kamalak tog‘lari 2015-yilda sayyohlik sohasida albatta borib ko‘rilishi kerak bo‘lgan joylar ro‘yxatiga kiritildi. And tog‘larining bir qismi bo‘lgan bu yerda bir qancha tabiiy mo‘jizalarni kuzatish mumkin. “Vinikunka” rangli tog‘i deb ham ataladigan kamalak tog‘iga har kuni 1500 nafar sayyoh tashrif buyuradi. 2012-2015-yillar oralig‘ida tog‘ ustidagi muzlar asta-sekin erib kamaydi. Hozirgi vaqtda kamalak tog‘ining eng yuqori nuqtasini ham aniq ko‘rish mumkin. Tog‘ jinsining tarkibida ko‘p miqdorda qizil temir oksidi, sariq temir sulfidi va yashil xlorit borligi sababli, u turli ranglarda jilolanib ko‘rinadi. Pushti, sariq, to‘q sariq, oltinsimon va yashil ranglar tog‘ tizmalari bo‘ylab yo‘l-yo‘l bo‘lib o‘tadi. Kamalak tog‘lari dengiz sathidan 5200 metr balandlikda joylashgan. Tog‘ga chiqish uchun maxsus ekskursiya yo‘laklari bor. Bu yerda tik tepaliklarga chiqishga qiynalganlar uchun otlar ham ijaraga beriladi. Ya’ni tog‘ cho‘qqisiga piyoda emas, balki otda chiqish mumkin. Kamalak tog‘iga mart-noyabr oylari oralig‘ida sayohat qilishga ruxsat beriladi. Kusko tumanidan 62 kilometr uzoqlikda joylashgan kamalak tog‘i Quyosh chiqayotgan va botayotgan vaqtda ayniqsa go‘zal ko‘rinadi.
Keywords