Keniyada Ebola virusini yuqtirgan so‘nggi bemor 11-noyabr kuni shifoxonadan chiqarildi. Shundan so‘ng mamlakatda kasallikning yangi holatlari yuzaga kelmasligini aniqlash uchun 42 kunlik kuzatuv davri boshlandi. Agar ushbu muddat davomida yangi yuqtirish holatlari qayd etilmasa, Keniya Ebola virusidan xoli mamlakat deb e’lon qilinadi.
Oktabr oyi boshidan buyon mamlakatda Ebola virusini yuqtirish bilan bog‘liq to‘qqizta holat qayd etildi. Birinchi bemor virus tarqalishi may oyidan beri davom etayotgan Kongo Demokratik Respublikasidan kelgan erkak kishi bo‘lgan. Keyinchalik u vafot etgan. Umuman olganda, Keniyada ushbu kasallik oqibatida ikki kishi hayotdan ko‘z yumdi, yetti nafar bemor esa sog‘aydi.
Mahalliy Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 19-oktabrdan buyon mamlakatda virusni yuqtirishning yangi holatlari aniqlanmagan. Bemorlar bilan aloqada bo‘lgan 11 kishi ham tibbiy kuzatuvdan chiqarilgan.
Shu bilan birga, Keniya hukumati kasallikning qayta tarqalishining oldini olish maqsadida ehtiyot choralarini kuchaytirmoqda. Kongo Demokratik Respublikasidan kelayotgan fuqarolar 21 kunlik izolyatsiyada bo‘lishlari kerak. Bu haqda «Reuters» axborot agentligi xabar bermoqda.
Kongo Demokratik Respublikasida Ebola kasalligi tarqalayotgani 15-may kuni rasman tasdiqlangan edi. Bu virus tarixida qayd etilgan eng yirik tarqalish holatlari orasida ikkinchi o‘rinni egalladi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 11 mingdan ortiq kishi ushbu kasallikni yuqtirgan, ulardan taxminan 5,3 ming nafari vafot etgan.
Ebola virusini yuqtirishning ayrim holatlari avvalroq Ugandada ham qayd etilgan edi. Biroq mahalliy hokimiyat kasallikning tarqalishiga yo‘l qo‘ymay, vaziyatni nazorat ostiga olishga muvaffaq bo‘ldi.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.