Misrning O‘rta yer dengizi sohilida, Mersa-Matruh shahri yaqinida Alam-el-Rum nomli yangi dam olish shahrini qurish rejalashtirilmoqda. Umumiy maydoni 20,6 kvadrat kilometrni tashkil etadigan ushbu loyiha mamlakatning yirik sayyohlik va madaniy markazlaridan biriga aylanishni maqsad qilgan.

«Dezeen» nashrining xabar berishicha, loyihaning me’moriy rejasi «Qatari Diar» qurilish kompaniyasining buyurtmasi asosida SOM xalqaro me’morlik byurosi tomonidan ishlab chiqilgan. Qurilishning birinchi bosqichini 2030-yilda boshlash ko‘zda tutilgan. Dengiz qirg‘og‘i bo‘ylab 7,2 kilometrga cho‘ziladigan shahar yil davomida sayyohlarni qabul qilishga mo‘ljallangan.

Loyihaning asosiy xususiyatlaridan biri dengiz bilan o‘zaro bog‘langan qo‘ltiqlar va suv havzalari tizimidir. Ularning umumiy uzunligi 22 kilometrga yetadi. Turar joylar va jamoat inshootlari orasida joylashadigan ushbu suv tizimi shaharga go‘zallik bag‘ishlash bilan birga, yomg‘ir suvini to‘plash va atrof-muhitni salqinlashtirish kabi vazifalarni ham bajaradi.

Bosh rejaga muvofiq, yangi shaharda zamonaviy turar joy majmualari, yuqori darajadagi mehmonxonalar, dam olish maskanlari, biznes va ta’lim markazlari, golf maydonlari hamda boshqa zarur infratuzilma obyektlari quriladi.