Misr har yili mamlakatga tashrif buyuradigan sayyohlar sonini 19 milliondan 100 million nafarga yetkazishni rejalashtirmoqda. Ushbu dastur, avvalo, xorijiy mehmonlar, jumladan, xitoylik sayyohlar sonini ko‘paytirish, turizmdan tushadigan daromadlarni oshirish va milliy iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Mahalliy ommaviy axborot vositalarida mamlakat turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan ushbu strategiya haqida batafsil ma’lumot berilmoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda Misrga taxminan 350 ming nafar xitoylik sayyoh tashrif buyurgan. Shu yili mamlakatning turizm sohasidan olgan daromadi 16,7 milliard AQSh dollariga yetgan. Bu ko‘rsatkich Misr yalpi ichki mahsulotining 3,7 foizini tashkil etgan.

Hozirgi vaqtda Misrga kelayotgan sayyohlarning asosiy qismini Yevropa mamlakatlari va arab davlatlaridan tashrif buyuruvchilar tashkil etadi. Shunga qaramay, hukumat xitoylik sayyohlar sonini oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Shu maqsadda Xitoy fuqarolari uchun viza olish shartlari yengillashtirildi.