Shimoliy Yevropada joylashgan Norvegiya o‘ziga xos tabiati va go‘zal manzaralari bilan sayyohlar e’tiborini tortadigan mamlakatlardan biridir. Ushbu Skandinaviya mamlakatida qutb tunlari va qadimiy muzliklar bilan bir qatorda, tog‘ tizmalari hamda g‘aroyib qoyalar ham alohida qiziqish uyg‘otadi. Muzliklarning erishi va tabiiy jarayonlar ta’sirida shakllangan ana shunday qoyalar orasida «Troll tili» (Trolltunga) nomi bilan mashhur bo‘lgan qoya alohida o‘rin tutadi.

2010-yildan keyin sayyohlar orasida yanada mashhur bo‘lgan ushbu tabiiy yodgorlik dengiz sathidan taxminan 1180 metr balandlikda joylashgan. Atrofdagi qoyali tog‘lar uzra oldinga chiqib turgan ko‘rinishi unga o‘ziga xos shakl baxsh etadi. Qoyaning pastki qismida esa go‘zal tabiati bilan tanilgan Ringedalsvatnet ko‘li joylashgan.

«Troll tili»ga yetib borish uchun Skjeggedal tog‘ tizmalari bo‘ylab bir necha kilometr piyoda yurish kerak. Bu sayohat odatda 10–12 soat davom etadi. Shu sababli sayyohlar piyoda yurishga oldindan tayyorgarlik ko‘rishlari lozim. Yoz va kuz fasllarida ushbu tabiiy yodgorlikka tashrif buyuruvchilar soni yanada ortadi.

Trolltunga qoyasiga eng yaqin aholi punktlari qatoriga Odda shahri va Skjeggedal qishlog‘i kiradi. Skjeggedal tog‘larining betakror tabiati, qoyalar orasidagi ko‘llar hamda balandligi 1500 metrga yetadigan tog‘ cho‘qqilari ushbu hududning go‘zalligini yanada oshiradi.