
Turkmanobod shahrida O‘zbekiston elchisi Ravshanbek Alimov va Lebap viloyati hokimi Durdi Genjiyev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston hududlari va Lebap viloyati o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Tomonlar Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari hamda Lebap viloyati hokimligi o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar sohalarda avval imzolangan hamkorlik shartnomalarini amalga oshirish yuzasidan fikr almashdilar.
Ushbu kelishuvlarga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning 2025-yil 17-noyabr kuni O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida erishilgan edi.
Uchrashuvda Uchinchi Turkmaniston-O‘zbekiston hududlararo forumini, shuningdek, ikki davlat ishbilarmon doiralari ishtirokida Buxoro va Turkmanobodda qo‘shma biznes-forumlarni tashkil etishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Bundan tashqari, tomonlar kelajakda Buxoro viloyati va Lebap viloyati o‘rtasida “Olot — Farob” chegaraoldi savdo zonasining tashkil etilishi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishga, iqtisodiy o‘sishga va chegaraoldi hududlari aholisining turmush darajasini yuksaltirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Lebap viloyatining mahalliy tadbirkorlari bilan o‘tkazilgan uchrashuv doirasida hududlararo hamkorlik samaradorligini yanada oshirish, sanoat va agrotexnologik kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish hamda savdo aloqalarini faollashtirishning istiqbolli yo‘nalishlari maslahatlashildi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar O‘zbekiston elchixonasi bilan muntazam aloqada bo‘lishga va ikki davlat hududlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish yo‘lida birgalikdagi sa’y-harakatlarni faollashtirishga kelishib oldilar.
Keywords