2027-yil 1-yanvardan boshlab Moskvada xorijiy fuqarolar uchun mehnat patentining oylik to‘lovi oshiriladi. Yangi qoidalarga muvofiq, migrantning kim qo‘lida ishlashiga qarab, to‘lov 11 ming yoki 15,6 ming rublni tashkil etadi. Bu haqda TASS agentligi xabar bermoqda.

Moskva shahar dumasi tomonidan tasdiqlangan o‘zgartirishlarga ko‘ra, hozirda oyiga 10 ming rublni tashkil etayotgan mehnat patenti narxi o‘zgartiriladi. Tashkilotlarda, yakka tartibdagi tadbirkorlarda yoki xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi Rossiya fuqarolari qo‘lida ishlaydigan xorijliklar uchun oylik to‘lov 11 ming rubl bo‘ladi. Shaxsiy yordamchi xo‘jalik va uy ishlarini bajarish uchun jismoniy shaxslar qo‘lida ishlaydigan migrantlar esa har oy 15,6 ming rubl to‘lashlari kerak bo‘ladi.

Yangi qoidalarda migrantlarning o‘zini va oilasini ta’minlashi uchun zarur bo‘lgan eng kam daromad miqdori ham ilk bor belgilandi. Oilada ikki kishigacha bo‘lgan holatda oylik daromad kamida 60 ming rubl, uch va undan ortiq kishidan iborat oilalar uchun esa 80 ming rubl bo‘lishi kerak. Moskva shahar dumasida ta’kidlanganidek, qabul qilingan o‘zgartirishlar poytaxtning beshta qonuniga taalluqli bo‘lib, federal qonunchilikning yangi talablarini hisobga oladi.

Mehnat patenti Rossiya bilan vizasiz rejimga ega mamlakatlar fuqarolariga ushbu davlat hududida qonuniy ishlash uchun zarur. Xususan, Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolari bunday hujjatni rasmiylashtiradilar. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlar, jumladan, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari esa mehnat patentini olishlari shart emas.

Turkmaniston fuqarolari odatda Rossiyaga viza asosida borishlari sababli, ishlash maqsadida mehnat patentini emas, balki ishlash uchun ruxsatnomani rasmiylashtiradilar.

Mehnat patenti faqat berilgan hududda va hujjatda ko‘rsatilgan kasb bo‘yicha amal qiladi. Uning narxi Rossiyaning har bir hududida turlicha, chunki to‘lov miqdori tegishli hududning koeffitsiyentiga qarab belgilanadi.