Ozarbayjon «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi doirasida amalga oshirilgan investitsiyalar hajmi bo‘yicha Xitoydan keyin ikkinchi o‘rinni egallaydi. Bu haqda mamlakat energetika vaziri Parviz Shahbazov «X» ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Vazirning ta’kidlashicha, Ozarbayjon va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik hamkorlik ushbu tashabbus doirasida yangi imkoniyatlarni ochmoqda. Shuningdek, bu hamkorlik yashil energetika sohasidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashmoqda.
Parviz Shahbazov Sindao shahrida bo‘lib o‘tgan «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusida ishtirok etuvchi mamlakatlar energetika vazirlarining IV yig‘ilishida Ozarbayjon ushbu tashabbusni birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatlagan davlatlardan biri ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tashabbus doirasida mamlakat ichida va xorijda amalga oshirilgan investitsiyalarning umumiy hajmi bo‘yicha Ozarbayjon Xitoydan keyin ikkinchi o‘rinda turadi.
Vazir Markaziy Osiyo, Kaspiy dengizi, Janubiy Kavkaz, Turkiya va Yevropani bog‘laydigan energetika yo‘laklarini yaratish Ozarbayjonning ushbu tashabbusdagi o‘rnini yanada mustahkamlashini ham ta’kidladi.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.