Xitoy poytaxti Pekin shahrida odamsimon robotlarning II Butunjahon musobaqasiga start berildi. Xalqaro musobaqada 16 ta davlatdan 666 ta jamoa ishtirok etmoqda. Musobaqaning tantanali ochilish marosimi Pekindagi “Muzli lenta” qishki oʻyinlar stadionida boʻlib oʻtdi.

26-avgustgacha davom etadigan musobaqada 2 mingdan ortiq robot turli yoʻnalishlarda oʻz imkoniyatlarini namoyish etmoqda. Musobaqa dasturiga sport, ishlab chiqarish va maishiy xizmatlar bilan bogʻliq jami 51 ta turdagi musobaqa kiritildi.

Robotlar sport yoʻnalishlarida, jumladan, jamoaviy oʻyinlarda va turli masofalarga yugurishda bellashmoqdalar. Sanoat sohasida ularning ishlab chiqarishda qoʻllanilish imkoniyatlari sinovdan oʻtkazilmoqda. Maishiy xizmatlar boʻyicha esa mehmonxona va restoran xizmatlari kabi yoʻnalishlarda robotlarning mahoratlari baholanmoqda.

“Aqlli musobaqa — kelajakka” shiori ostida oʻtkazilayotgan musobaqalar doirasida jami 1,3 mingga yaqin musobaqa oʻtkazilishi kutilmoqda.

Ochilish marosimi oldidan tomoshabinlar maxsus maydonda robotlarning futbol oʻyinini tomosha qildilar. Marosimidan soʻng esa robotlar 100 va 400 metrga yugurish boʻyicha musobaqalarda chiqish qilib, harakat va tezlik borasidagi imkoniyatlarini koʻrsatdilar.

Bu yilgi musobaqa dasturiga yangi sport yoʻnalishlari ham qoʻshildi. Xususan, uzoq masofaga yugurish, ogʻir atletika va stol tennisi 2026-yilgi musobaqa dasturidan ilk bor oʻrin oldi.

Musobaqani Pekin shahar hokimligi, Xitoy Mediakorporatsiyasi, Robototexnika sohasida hamkorlik boʻyicha Butunjahon tashkiloti va Osiyo-Tinch okeani mintaqasida Robototexnika boʻyicha jahon kubigining Xalqaro kengashi birgalikda tashkil etmoqda.

Musobaqaning asosiy maqsadi turli xildagi va turli ishlab chiqaruvchilarga tegishli boʻlgan robotlarning texnik imkoniyatlarini sinovdan oʻtkazish bilangina cheklanib qolmay, balki robotlashtirilgan texnologiyalarning ishlab chiqarishda va odamlarning kundalik turmushida yana-da kengroq qoʻllanilishiga koʻmaklashishdan iboratdir.

Odamsimon robotlarning birinchi Butunjahon musobaqasi 2025-yilning 15–17-avgust kunlari Pekinda oʻtkazilgan edi. Unga 16 ta davlatdan 280 ta jamoa qatnashib, musobaqalarda 500 ga yaqin robot oʻz imkoniyatlarini namoyish etgandi. Oʻsha musobaqada Avstraliya, Braziliya, Germaniya, Italiya, Indoneziya, AQSh va Yaponiya kabi mamlakatlar vakillari ham qatnashgan edilar.

Joriy yilgi musobaqaning qamrovi yanada kengaytirilgani robototexnika sohasi jadal rivojlanib borayotganini hamda odamsimon robotlarning nafaqat tajriba maydonchalarida, balki sport, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarida ham qoʻllanilish imkoniyatlari ortib borayotganini koʻrsatadi.