Pokiston Turkmaniston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish doirasida tez buziladigan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini tashish uchun charter yuk havo qatnovlarini tashkil etishni taklif qildi.

Ushbu tashabbus Pokiston Savdo vaziri Jam Kamol Xon tomonidan Islomobodda Turkmaniston Savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Dörtguly Süleýmanow bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ilgari surildi. Bu haqda Pokiston Axborot va teleradioeshittirish vazirligi (PID) xabar beradi.

Jam Kamol Xonning ta’kidlashicha, Islomobod va Ashxobodning geografik jihatdan yaqin joylashgani ikki mamlakat o‘rtasida tez yetkazib berishni talab qiladigan tovarlar eksportini tashkil etish uchun muhim imkoniyatlar yaratadi.

Taklif etilayotgan charter yuk havo qatnovlari, avvalo, saqlash muddati qisqa bo‘lgan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini tashishni yengillashtirish, shuningdek, ikki tomonlama savdo aloqalari ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan.