
Menyulardan tortib onlayn to‘lovlargacha — ko‘p joylarda qo‘llanilayotgan QR kod texnologiyaning ajralmas qismiga aylandi. Kundalik xarajatlar va to‘lov xizmatlarida qulaylik yaratuvchi ushbu tizim oq-qora katakchalardan iborat. Smartfonga ushbu to‘rtburchak kalitni tanitish orqali o‘tirgan joyingizda barcha xizmatlar va savdolarni amalga oshirish mumkin. Bu texnologiya bir necha soniyada mahsulotlarni onlayn sotib olish, veb-sahifalarga kirish va qiziqarli xabarlar bilan tanishish imkonini beradi. Xo‘sh, QR kod qachon va nima sababdan o‘ylab topilgan?!
1990-yillarga qadar chakana savdo va ishlab chiqarish sohasida shtrix-kod texnologiyasi qo‘llanilardi. O‘sha vaqtdagi shtrix-kodlar cheklangan miqdorda ma’lumot saqlay olar va faqat bir yo‘nalishda o‘qilardi. Shu sababli, restoranlarda, mehmonxona xizmatlarida va onlayn savdoda yangi texnologiyaga ehtiyoj sezildi. 1994-yilda Yaponiyaning “Denso Wave” texnologiya kompaniyasi mutaxassislar guruhi QR kodni ishlab chiqdi. Yapon kompaniyasi ushbu texnologiyani joriy etishdan ko‘zlagan maqsadi avtomobil ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan butlovchi qismlarni yetkazib berishni tezlashtirish va aniq kuzatib borishni ta’minlash edi. Avtomobil sanoati ishini yengillashtirish uchun o‘ylab topilgan ushbu texnologiya nomi “Tezkor javob” (Quick Response) degan ma’noni anglatadi.
Yangi tizim shtrix-kodlarga qaraganda ko‘proq ma’lumot saqlashi va tez o‘qilishi bilan ajralib turardi. QR kodning asosiy xususiyati ma’lumotlarni ham gorizontal, ham vertikal ravishda saqlash qobiliyatidir. Bu kichkinagina to‘rtburchak katakchada minglab belgilarni (raqam, ma’lumot) saqlash imkonini beradi. Bundan tashqari, QR kodda xatolarni tuzatish xususiyati borligi sababli, kodning bir qismi shikastlangan (yirtilgan) bo‘lsa ham, tizim ma’lumotni o‘qishda davom eta oladi. Ushbu texnik qulayliklar QR kodning qisqa vaqt ichida boshqa sohalarda ham ommalashishiga sabab bo‘ldi. “Denso Wave” kompaniyasi QR kod texnologiyasi patenti egasi bo‘lsa-da, undan foydalanish uchun hech qanday litsenziya to‘lovlarini olmadi. Kompaniya boshqa korxonalar va dasturchilarga ushbu texnologiyadan erkin foydalanishga ruxsat berdi. Shu sababli bu tizim butun dunyoda mashhur bo‘ldi. Hozirgi vaqtda QR kod logistika va chakana savdodan tortib marketing va sog‘liqni saqlash tizimlarigacha qo‘llanilmoqda. 2000-yillarning boshida kamerali mobil telefonlarga QR kod o‘qish funksiyasi o‘rnatilgach, ushbu texnologiya odamlarning kundalik hayotining bir qismiga aylandi.
Keywords