
G‘aroyib mevalar ro‘yxati davom etmoqda. Yaponiya, Xitoy va Hindistonning shimoli-sharqiy hududlarida yetishtiriladigan bushukan mevasi sakkizoyoqqa o‘xshash tashqi ko‘rinishi bilan barchani hayratda qoldiradi. Barmoqqa o‘xshash uzun o‘simtalari bo‘lgan bu meva ilmiy tilda «Citrus medica var. sarcodactylis» deb ataladi.
Vatani Janubi-Sharqiy Osiyo hisoblangan ushbu meva xalq orasida «Budda qo‘li» nomi bilan mashhur. Mevaning uzunligi 15–30 santimetrga, og‘irligi esa 450 grammgacha yetadi. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, 300-yilda ushbu g‘aroyib meva Rimga keltirilgan. Mutaxassislarning fikricha, o‘sha davrlarda sakkizoyoqqa o‘xshash bu meva eng qimmat meva bo‘lgan. Chunki boshqa sitrus mevalaridan farqli o‘laroq, bushukanda tola va sharbat yo‘q, ichki qismi ham achchiq emas. Bu esa mevani butunligicha iste’mol qilish mumkinligini anglatadi. Xushbo‘y hidli meva xomligicha iste’mol qilinishi bilan bir qatorda, atir tayyorlashda, tibbiyotda va pazandachilikda qo‘llaniladi. Ushbu mevadan mashhur shirinliklar, desertlar, ichimliklar va marmelad tayyorlanadi. Osiyo mamlakatlarida «Budda qo‘li» mevasi baxt va uzoq umr tilash ramzi bo‘lib, sovg‘a sifatida beriladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Qadimgi Xitoyda odamlar ushbu mevaning po‘stlog‘idan xushbo‘ylantiruvchi sifatida foydalanib, uni yuvilgan kiyimlar orasiga qo‘yishgan.
Hozirgi vaqtda Sharqiy Osiyodagi dehqonlar ushbu mevani olti turga ajratadilar. U sariq mevali limon daraxtiga o‘xshash butasimon daraxtda bitadi. Oq gul ochadigan bu daraxt issiq va nam iqlimda o‘sadi. Ekzotik meva kuzning oxiri yoki qishning boshida pishadi. Qishda va bahorda bozorlarda topish mumkin bo‘lgan bushukan barmoqlari ochilayotgan kabi ko‘rinishga keladi.
Keywords