
Yevropa va Osiyo chorrahasida joylashgan Turkiya tabiiy mo‘jizalar va sayyohlik markazlariga boy mamlakatlardan biri hisoblanadi. Pomukqal’a, Antaliya, Kemer, Bodrum, Marmaris, Efes, Istanbul mamlakatning eng go‘zal joylari bo‘lib, ular orasida Kapadokiya ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga ko‘proq tortadi. 1985-yilda YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Kapadokiya Goreme vodiysi bilan mashhurdir. Sayyohlarning eng gavjum joylaridan biri bo‘lgan ushbu vodiyning maydoni 99 kvadrat kilometrga teng. Turkiyaning romantik vodiysi o‘zining oq peyzaji, g‘or-shahri, tik qoyalari va havo sharlari bilan ajralib turadi.
Tepasi "tojli" qizil qoyalari (Peri bacalari) bilan mashhur bo‘lgan Kapadokiya Yer yuzidagi eng go‘zal vodiylardan biridir. Olimlarning ta’kidlashicha, ushbu go‘zal qoyalar vulqon otilishi, yomg‘ir va shamol ta’siri natijasida ming yillar davomida shakllangan. Kapadokiya fors tilidagi «katpaktukya» so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, «go‘zal otlar yurti» degan ma’noni anglatadi. Taxminan 1200-yillarda bu yerda ba’zi qabilalar qoyalarning ichini o‘yib, uy qurishni boshlaganlar. Eshigi, derazalari va zinapoyalari bo‘lgan g‘orsimon bu uylar san’at asariga o‘xshaydi. Kapadokiyada sayyohlar uchun hashamatli g‘or-mehmonxonalar ham mavjud. Ushbu jozibali hududda mavsumiy havo sharlari festivallari hamda turli marosimlar o‘tkaziladi.
Keywords