
Turkmaniston Eron hududidan chiqib ketayotgan xorijiy fuqarolarning xavfsiz tranziti uchun davlat chegarasini ochdi. Bu haqda seshanba kuni tegishli mamlakatlarning tashqi ishlar vazirliklari hamda ommaviy axborot vositalari xabar berdi.
Turkmaniston hukumati muvofiqlashtiruvi ostida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Xitoy va Janubiy Koreya o‘z fuqarolarini Erondan olib chiqishni tashkil qildi.
Joriy yilning 2-martidan boshlab turkman–eron chegarasidagi muhim o‘tish joylari, ya’ni “Hovdan-Bajigiran”, “Artiq-Lyutfobod”, “Oqyayla-Incheburun”, “Oltin Asir-Incheburun” va “Saraxs” nazorat-o‘tkazish punktlari qayta ishga tushirildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘rsatilgan nazorat-o‘tkazish punktlari orqali Turkmaniston hududi bo‘ylab Erondan allaqachon O‘zbekistonning 13 nafar, Qozog‘istonning 15 nafar, Janubiy Koreyaning 23 nafar, Rossiyaning 8 nafar va Xitoyning 25 nafar fuqarosi olib chiqildi.
Xabarda ta’kidlanganidek, turkman tomoni xorijiy fuqarolarning xavfsiz va tezkor tranzitini ta’minlash maqsadida zarur logistika va tashkiliy yordam ko‘rsatmoqda.
Keywords