2026-yil 25-noyabr kuni Turkmaniston Mejlisining yettinchi chaqiriq o‘n uchinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlis kun tartibidan «Turkmanistonning 2027-yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risida»gi Qonun loyihasi hamda «Turkmanistonning 2025-yil uchun Davlat budjetining ijrosi to‘g‘risida»gi Mejlis qarori loyihasi o‘rin oldi.
Majlis ishida Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosarlari, harbiy va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, tegishli vazirliklar hamda tarmoq boshqaruv idoralari vakillari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
2027-yilgi Davlat budjeti loyihasi Turkmaniston Prezidentining topshiriqlariga muvofiq tayyorlandi. Hujjat mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning moliyaviy asosini mustahkamlash va davlat dasturlarida belgilangan vazifalarni bajarishga qaratilgan.
Majlis davomida ta’kidlanganidek, kelgusi yil Davlat budjeti milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanish sur’atlarini saqlash, uning salohiyatini oshirish hamda hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlashda muhim moliyaviy vosita bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va sanoatlashtirish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport-kommunikatsiya hamda bank tizimlarini rivojlantirish, ularning moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida raqamli tizimlar va ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish, innovatsion ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilish, import o‘rnini bosuvchi hamda eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu yo‘nalishlarda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash va oziq-ovqat mo‘l-ko‘lligini ta’minlash ham ustuvor vazifalar qatoriga kiritilgan.
Davlat budjetida ijtimoiy sohani rivojlantirishga ham katta o‘rin ajratilgan. Xususan, mablag‘larning asosiy qismini ta’lim, fan, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport, yoshlar siyosati va ijtimoiy ta’minot tizimlarini moliyalashtirishga yo‘naltirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, turar joylar va ijtimoiy-madaniy ahamiyatga ega obyektlar qurilishi uchun xarajatlar ham ko‘zda tutilgan. Majlis davomida viloyatlar, Ashxobod va Arkadag shaharlarining mahalliy budjet ko‘rsatkichlari ham ko‘rib chiqildi.
Muhokamalardan so‘ng deputatlar «Turkmanistonning 2027-yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risida»gi Qonun loyihasini bir ovozdan qabul qildilar. Shuningdek, «Turkmanistonning 2025-yil uchun Davlat budjetining ijrosi to‘g‘risida»gi Mejlis qarori ham bir ovozdan ma’qullandi.
Majlis yakunida deputatlar mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning qonunchilik asoslarini yanada mustahkamlash, milliy qonunchilikni takomillashtirish va Turkmanistonning xalqaro tashabbuslarini ilgari surish bo‘yicha faoliyatni davom ettirishlarini ta’kidladilar.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.