
Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov AQShning Turkmanistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Elizabet Rud bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida tomonlar Turkmaniston va AQSh o‘rtasidagi siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.
Diplomatlar xususan, amerika kompaniyalarining Turkmanistonda ko‘p yillik faoliyati samarali ekanini va elektr energetikasi, qishloq xo‘jaligi va transport sohalarida, jumladan John Deere, General Electric va Boeing kompaniyalari bilan hamkorlik loyihalari amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladilar. Bu haqda chorshanba kuni Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik mexanizmlarining, xususan yillik siyosiy maslahatlashuvlar va “Turkmaniston–AQSh” Biznes kengashi yig‘ilishlarining samaradorligi qayd etildi. Shuningdek, yuqori texnologiyalar va bank-moliya sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar ta’lim, fan va madaniyat yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratib, hamkorlikning yangi shakllarini yaratish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar. Turkman tomoni turkman-amerika madaniy dialogini yo‘lga qo‘yish tashabbusini bildirdi.
Uchrashuv yakunida diplomatlar ikki davlat manfaatlari va mintaqaviy rivojlanish maqsadlariga mos ravishda hamkorlikni yanada aniq va ko‘p qirrali tarzda rivojlantirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
Keywords