Ashxobod shahridagi Mintaqaviy o‘quv markazida Turkmaniston Davlat bojxona xizmati hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi vakillari ishtirokida «Xavflarni boshqarish tizimi» mavzusida onlayn o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Turkmaniston Davlat bojxona xizmatining rasmiy sayti xabar beradi.

O‘quv seminari ikki mamlakat bojxona idoralari xodimlarini tayyorlash bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumiga muvofiq amalga oshirilayotgan hamkorlikning navbatdagi amaliy bosqichi bo‘ldi.

Uchrashuv davomida xavflarni boshqarish tizimini tashkil etish, xavflarni aniqlash va baholash usullarini qo‘llash, shuningdek, bojxona nazorati samaradorligini oshirishda zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda Turkmaniston Mudofaa vazirligining Harbiy institutida «Bojxona ishi» mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olayotgan harbiy kursantlarning ham ishtirok etishi kasblararo tajriba almashish imkoniyatlarini kengaytirdi. Shuningdek, bu ularga ikki mamlakat bojxona idoralarining ish tajribasi bilan tanishish va bojxona nazoratini amalga oshirishning zamonaviy usullari haqidagi bilimlarini chuqurlashtirish imkonini berdi.