Dekabr oyida Turkmaniston oliy ta’lim muassasalari tomonidan raqamli tizim orqali bir qator xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar va olimpiadalar tashkil etiladi. Bu haqda Turkmaniston Davlat axborot agentligi (TDH) xabar bermoqda.
Mazkur masala Vazirlar Mahkamasi majlisida muhokama qilindi. Rejalashtirilgan tadbirlarga tayyorgarlik ishlari haqida Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari Bayramgul Orazdurdiyeva hisobot berdi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatda milliy ta’lim tizimini takomillashtirish, yoshlarning intellektual salohiyatini rivojlantirish, ularning ilm-fan va ijodga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirish, shuningdek, kelajakdagi kasbini tanlashiga ko‘maklashish bo‘yicha kompleks ishlar olib borilmoqda.
Shu munosabat bilan Seyitnazar Seydi nomidagi Turkman davlat pedagogika institutida fizika fanidan VI ochiq xalqaro internet olimpiadasini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Xalqaro gumanitar fanlar va rivojlanish universitetida esa xalqaro huquq bo‘yicha I xalqaro tanlov tashkil etiladi. U Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 2028-yilni «Xalqaro huquq yili» deb e’lon qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyaning qabul qilinishiga bag‘ishlanadi. Shuningdek, mazkur oliy ta’lim muassasasida falsafa bo‘yicha III xalqaro olimpiada va iqtisodiyot bo‘yicha III xalqaro olimpiada o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, Turkman qishloq xo‘jaligi institutida «Qishloq xo‘jaligi sohasining barqaror rivojlanishida biotexnologiyalarning o‘rni» mavzusida III xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, Aba Annayev nomidagi Xalqaro otchilik akademiyasida esa «Otchilikda ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar: xalqaro tajriba va istiqbolli yo‘nalishlar» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Hisobotni tinglagan Prezident Serdar Berdimuhamedov mamlakatda yoshlarning intellektual rivojlanishiga hamda ushbu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Davlat rahbari taklifni ma’qullab, bosh vazir o‘rinbosariga tegishli ishlarni amalga oshirishni topshirdi.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.